AsosiyJamiyat

​Polsha Prezidenti O`zbekistondagi yangicha siyosatni diqqat bilan kuzatib borayotganini ma`lum qildi

'​Polsha Prezidenti O`zbekistondagi yangicha siyosatni diqqat bilan kuzatib borayotganini ma`lum qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan Polsha Prezidenti Anjey Duda O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga tabrik yo`llagan, deb yozadi O`zA.

"Mamlakatlarimiz o`rtasida samarali munosabatlar yo`lga qo`yilganini mamnuniyat bilan ta`kidlamoqchiman. Polsha O`zbekistonni Evroosiyo mintaqasidagi muhim sherik, deb biladi va mustaqillik yillarida O`zbekiston erishgan ulkan yutuqlarni hurmat qiladi. Sizning rahnamoligingizda O`zbekistonning yaqin qo`shnilari bilan aloqalar bo`yicha amalga oshirilayotgan yangicha siyosatni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz. Bunday yaqin qo`shnichilik siyosati Markaziy Osiyo mintaqasidagi barqarorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega"— deyiladi Polsha Prezidenti qutlovida.

Prezident Anjey Duda Polshada ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga katta e`tibor qaratilayotganini va bu borada ulkan imkoniyatlar mavjudligini ta`kidlagan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qutlovida "O`tgan davrda ikki davlat o`rtasida mustahkam do`stlik va o`zaro anglashuv an`analariga asoslangan amaliy munosabatlar o`rnatilgan"i alohida ta`kidlangan.

Davlatimiz rahbari "O`zbekiston Polsha bilan siyosiy-diplomatik, madaniy-gumanitar sohalarda o`zaro manfaatli amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo, qishloq xo`jaligi, investisiya va innovasiyalar, turizm hamda boshqa ko`plab yo`nalishlar bo`yicha aniq dastur va loyihalarni amalga oshirish tarafdori" ekanini qayd etgan.

O`zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz bundan buyon ham "O`zbekiston bilan Polsha o`rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish, o`zaro hurmat, teng huquqlilik va ishonch prinsiplari asosida yanada mustahkamlash borasida hamkorlikni davom ettirishi"ga ishonch bildirgan.

Boshqa yangiliklar