O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 29 mart kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksey Millerni qabul qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatlarimiz o`rtasida neft-gaz sohasida uzoq muddatli va o`zaro manfaatli hamkorlik yuksak darajada rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bugungi kunda dunyodagi etakchi energetika kompaniyalaridan biri bo`lgan «Gazprom» O`zbekistonda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini o`zlashtirish bo`yicha yirik loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, tabiiy gazni eksportga etkazib berishda faol ishtirok etmoqda.
Rossiyaning ushbu kompaniyasi bilan hamkorlikda Ustyurtda o`tkazilgan keng ko`lamli geologiya-qidiruv tadqiqotlari natijasida "Jel" gaz kondensati koni ochildi. "Shaxpaxti" koni birgalikda o`zlashtirilmoqda. Hozirgacha u erdan 3,5 milliard kub metr gaz qazib olingan.
Bundan tashqari "Gazprom" Hisor hududida konlarni o`rganish va o`zlashtirish, qo`shimcha neft gazlarini utilizasiya qilish, shuningdek, mamlakatimizning tarmoqdagi etakchi loyiha instituti bo`lgan "O`zLITIneftgaz» faoliyatini rivojlantirishga doir loyihalarni amalga oshirishda ham ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda O`zbekistonda neft-gaz sohasini rivojlantirish, jumladan, 2017-2021 yillarda uglevodorod qazib olishni ko`paytirish dasturi doirasida o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar ko`rib chiqildi.
Mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida o`zaro hamkorlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
"Gazprom" kompaniyasi boshqaruvi raisi Aleksey Miller Prezident Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul va hamkorlikdagi loyihalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi, O`zbekiston Respublikasi bilan keng ko`lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi.