Mamlakatimiz Prezidentining tegishli farmoniga asosan Sherzod Xadjizadaev O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o`rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda MB matbuot xizmati axborot berdi.
Xadjizadaev Sherzod Rafatovich 1996 yili Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining iqtisodiyot fakultetini, 2001 yili esa Bank-moliya akademiyasining bank ishi yo`nalishini tamomlagan.
Bank tizimidagi faoliyatini 1996 yili O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankida oddiy mutaxassislikdan boshlab, bo`lim boshlig`i vazifasigacha ko`tarilgan. 2001-2006 yillarda TIF Milliy banki Toshkent shahar Bosh boshqarmasi Amaliyot boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari, Mirzo Ulug`bek filiali boshqaruvchisi o`rinbosari, boshlig`i vazifalarida ishlagan.
2006-2008 yillarda “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki Boshqaruvi raisi o`rinbosari lavozimini egallagan, 2008-2010 yillarda O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki Toshkent shahar Bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
2010 yildan boshlab hozirga qadar “Trastbank” xususiy aksiyadorlik tijorat banki Boshqaruvi raisi bo`lib ishlagan.