​Besh marta sudlangan ayol yana firibgarlikka qo`l urdi

Jinoyat 24.04.2017, 11:35
Teglar: Avto, Ayol, Jinoyat
​Besh marta sudlangan ayol yana firibgarlikka qo`l urdi

U eski “hunari”dan “ayro” atigi bir yil yashadi. Nafs qutqusi, birdaniga boyib ketish vasvasasi uni yana o`z domiga tortdi

Ko`pqavatli uyning balkonidan erta tongda atrofni kuzatish maroqli. Odamlar qayoqqadir shoshadi. Kimdir ishga, kimdir o`qishga, yana birov bozorga. Hamma ro`zg`or tashvishi, tirikchilik g`amida. Besh qo`l barobar bo`lmagani kabi tirikchilik g`amida yurgan ana shu odamlarning hammasi ham pokiza niyatda yo`lga chiqqan, deb bo`lmaydi. Qo`shtirnoq ichida “tirikchilik qilib yurganlar” ham bor, ularning xatti-harakatini kuzatib, eshitib hayratdan yoqa ushlaysan kishi.

Firibgarlik. Bu so`z odatda o`zgalarning mol-mulkini turli yo`llar bilan o`zlashtirgan yoki qarz olib qaytarmagan yolg`onchilarga nisbatan ishlatiladi. Ana shu “eski kasb” sohib va sohibalari afsuski, keyingi paytlarda ekinga tushgan chirmovuqdek urchib ketmoqda. Toshkent shahrida yashovchi fuqaro Dilorom Abduazimova xuddi shu toifa vakillaridan. Firibgarlikni kasb qilgan bu ayol bir emas, ikki emas, naqd besh marotoba sudlangan.

Mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilgan islohotlarning eng muhim jihatlaridan biri bilib-bilmay jinoyat sodir etgan fuqarolarga nisbatan amnistiya akti qo`llanishidir. Inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha xalqaro me`yorlar, demokratik prinsiplar asosida qo`llanilayotgan amnistiya akti jinoyat sodir etgan shaxsga yana bir imkoniyat. Xalqimizda “Adashishning aybi yo`q, muhimi, to`g`ri yo`lga tushib olish” degan gap bor. Davlatimiz tomonidan jazoni liberallashtirish bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimizning ana shu kechirimlilik, bag`rikenglik kabi yuksak qadriyatlariga asoslangan. Qonunni buzgan odamning gunohini kechirib, jamiyat qaytadan o`z bag`riga olishi inson manfaatlarini himoya qilishning eng oliy namunasidir.

NAVBATSIZ MAShINA SAVDOSI

Dilorom Abdazimova ham ana shunday imkoniyat, bag`rikenglikdan foydalanib, bir necha bor kechirilgan, jazodan ozod etilgan. Albatta, har gal ozodlikka chiqar, oilasi bag`riga qaytar ekan, to`g`ri yashash, halol mehnat qilishni diliga tuygan. Biroq, o`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas, deganlaridek, Dilorom Abdazimova eski “hunari”dan “ayro” atigi bir yil yashadi. Nafs qutqusi, mo`may pul topish, birdaniga boyib ketish vasvasasi uni yana o`z domiga tortdi.

Dastlab, avtomashina sotib olish niyatida yurgan tanishi Feruza Yakubova uning to`riga tushdi. Dilorom Abdazimova avtosalonda ishlaydigan tanishi orqali navbatsiz “Nexia” rusumli avtomashinasini sotib olishida yordam berishini aytib, Feruzadan avvaliga 2 ming 800 AQSh dollari, keyinroq 5 ming AQSh dollari oladi. Pullarni osongina qo`lga kiritgan Dilorom bergan va`dasini unutib, pulni o`z manfaati yo`lida ishlatib yuboradi. Feruzani turli bahonalar bilan aldab keladi. Feruza Yakubova pulimni qaytar yoki avtomashinani olib ber, deb kelganida Dilorom Mirzo Ulug`bek tumani TTZ dahasidagi avtomashina saloniga navbatga yozdirib, pulingni to`lab qo`yganman, yaqin kunlarda nomingga avtomashina keladi, salondan olib chiqib ketasan, hammasi joyida deb, yolg`on va`dalar berib yana ishontiradi. Diloromning bu nayranglariga ishongan Feruza yana ikki oy kutadi, lekin natija yo`q. Toqati toq bo`lgan Feruza oxiri avtosalonga o`zi boradi. Avtosalonda uning nomiga hech qanday avtomashini yo`qligini bilgach, pullarini olish uchun bir necha marta Diloromning uyiga keladi, biroq... Har gal shu gap, natija bo`lmaydi. Uch oy davomida bo`lib-bo`lib 2 ming 200 dollarini zo`rg`a qaytarib oladi. Qolganini ololmasligiga ko`zi etgach, tegishli davlat organiga murojaat qiladi.

“OZODLIKKA ChIQIShNI ISTAYSANMI, “KO`KI”DAN ChO`Z”

D.Abdazimova 2015 yil iyul oyida jazoni ijro etish muassasasida jazo o`tayotgan mahkuma Xolisova Xurshida bilan tanishadi. Ular tezda til topishib, dugona tutinishadi. Shu orada Dilorom Abdazimova ozodlikka chiqariladi. Ikki dugona telefon orqali suhbatlashib bo`lsa-da, aloqani uzmaydi. Shunday suhbatlardan birida Dilorom ichki ishlar vazirligida yuqori lavozimda ishlaydigan tanishi borligi, u orqali Xurshidaning jazoni o`tash muddatini qisqartirib, tezroq ozodlikka chiqarib berishi mumkinligiga shama qiladi. Tabiiyki, gap orasida mushuk bekorga oftobga chiqmasligini ham qistirib o`tadi. Buning uchun 6 ming AQSh dollari zarur bo`lishini aytishni kanda qilmaydi. Firibgarlik qon-qoniga singib ketgan Dilorom dugonasi Xurshidaga o`zingga o`xshaganlar bo`lsa, ularga ham ayt, yordam beraman, deydi hech tap tortmay.

Diloromning bu gaplari 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Xurshidaga zimistonda yiltiragan chiroqday umid bag`ishlaydi. O`ziga o`xshagan mahkumalar bilan suhbatlashib, dugonasi Diloromga “mijoz” izlaydi. Va nihoyat firibgarlik to`riga mahkuma X.Azizova va uning tanishi D.Ermatov ilinadi. “Ovi baroridan” kelayotganiga ko`zi etgan Dilorom Abdazimova Xurshida uchun 6 ming, X.Azizova uchun 4 ming, D. Ermatov uchun 10 ming AQSh dollari zarur bo`lishini aytib, shuncha pulni xayolan “sanab” ham qo`yadi. Ha, nima, ish u o`ylagandek silliqqina bitmoqda-ku. Shularni o`ylar ekan, o`zini katta ishbilarmon deb his qila boshlaydi. Lekin...

VA`DANING ChO`ZILGAN IJROSI

2016 yilning may-iyun oylarida Dilorom Abdazimova dugonasi Xurshida bilan telefon orqali bir necha marotaba gaplashadi. Ishi yuzasidan biror yangilik bo`lmayotgan D.Ermatov telefon orqali Dilorom bilan bog`lanadi. “Ishlar nima bo`lyapti, hal bo`ldimi?” deganida Dilorom unga “bo`p qoldi, faqat pulni etkazsak bo`lgani” deb javob beradi. Ishning bitishi cho`zilib ketayotganidan “mijozlar” xavotirga tushadi. O`zaro kelishib “D.Abdazimova o`zi yaqinda ozodlikka chiqqan bo`lsa, agar shu ishlar qo`lidan kelganida, shu erlarga kelarmidi. Hoynahoy, firibgarga o`xshaydi” degan o`yga borishadi. Tegishli idoraga ariza bilan murojaat qilishadi.

O`ZIGA O`ZI ChOH QAZIDI: QARIYB 7 YIL YaNA PANJARA ORTIDA

Bu voqeani o`rganib chiqqan huquq-tartibot organlarining tegishli ko`rsatmasiga ko`ra Xurshida dugonasi Diloromga qo`ng`iroq qilib, aytilgan 20 ming AQSh dollari tayyorligi, pulni qaerga qachon eltib berishi mumkinligini so`raydi. Ishtahasi ochilib ketgan Dilorom Chilonzor tumani hududidagi Toshkent shahar onkologik kasalliklar shifoxonasiga kelishini aytadi. Maxsus kukunda ishlov berilgan 20 ming AQSh dollarini olgan Xurshida tegishli organ xodimlari bilan aytilgan joyga keladi. Shifoxona hovlisidagi o`rindiqda Diloromni kutadi. Taxminan 15 daqiqadan keyin Dilorom keladi, Xurshida bilan bir oz suhbatlashadi. Pulni olishga qo`rqayotgani, kutib turishi va unga o`zi qo`g`iroq qilishini aytib chiqib ketadi. Oradan 40-45 daqiqa o`tgach, D.Abdazimova dugonasiga qo`ng`iroq qilib, Olmazor tumanidagi respublika onkologik kasalliklar shifoxonasi hovlisiga kelishini tayinlaydi. Xurshida aytilgan joyga borib Dilorom bilan ko`rishadi va unga 20 ming AQSh dollarini beradi. Ha, buzoqning yugurgani somonxonagacha, deb xalqimiz juda topib aytgan. Ishlaringiz tez kunda bitadi, o`zim qo`ng`iroq qilaman, deb yo`lga tushgan Dilorom Abdazimova ham shifoxona hovlisidan chiqib ulgurmadi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo`lga olinadi.

2017 yilning 2 fevral kuni jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi binosida ochiq sud majlisi bo`lib o`tdi. Unda Abdazimova Dilorom Abdurahimovnaga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi ko`rildi. Sud hukmiga ko`ra D.Abdazimovaga 6 yil 8 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Muqaddas dinimiz ta`limotlarida ham firibgarlik qattiq qoralangan. Alloh taolo “Baqara” surasining 188-oyatida “Bir-birlaringizning mollaringizni nohaq emanglar”, deb uqtiradi. Yaratganning bu xitobi aslida butun insonlar uchun hikmatli xitobdir. “Mollarni nohaq eyish” deyilganining ma`nosi o`g`rilik qilish, omonatga xiyonat, firib-aldov bilan o`zgalarning molini o`zlashtirish, qarzga narsa olib undan tonish, pora berish va olish, zo`ravonlik qilib birovning mol-mulkini tortib olish, qimor, o`lchov va tarozidan urib qolish, odam savdosi, sehr va folbinlik bilan pul topish, nojoiz tijorat bilan qo`lga kiritishdir. Yuqoridagi usullar orqali mol topish muqaddas dinimizda bo`lgani kabi qonunlarimizda butkul qoralanadi. Bu ishga qo`l urganlar esa, albatta qonun oldida javob beradi. Bunga hech qanday shubha yo`q.

Xulosa shuki, halol kasb orqali oila tebratish, farzandlari baxtu kamolini ko`rib yashashga ne etsin. Dilorom Abdazimova singari jinoyat ko`chasiga kirib gulday umrini xazon qilgan, hayotining navqiron davrlarini qamoqda o`tkazishdan yaratganning o`zi asrasin.

Sharhlar

Jizzaxda 39 yoshli erkak xotinini urib o`ldirdi (video)

07.09.2022, 12:07

Jizzaxda ayol o`z eri tomonidan o`ldirildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda. Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 2 sentyabr kuni Jizzax viloyati Zarbdor tumani Yangihayot...
Namanganda 21 yoshli yigitni qotiliga aylangan blogerga nisbatan qamoq jazosi tayinlandi

10.01.2022, 21:58

Namanganda 150 ming so`m evaziga Instagram sahifasidagi obunachilarini ko`paytirish ortidan ikki bloger o`rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik qotillik bilan tugadi.Qayd etilishicha, hodisa Chust tumanida o`tgan yilning...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi

10.08.2021, 17:29

Termizda qidiruvdagi qochqin qo`lga olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB xabar berdi.Ma`lum bo`lishicha, Termiz tumani “Sh.Rashidov” mahallasida yashovchi fuqaro X.Ilhom 2021 yil 29 iyun kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1