Xalq ta`limi vazirligining 2017 yil birinchi choragidagi faoliyati yakunlariga bag`ishlangan hay`at yig`ilishi bo`lib o`tdi. Yig`ilishda vazirlik hay`ati a`zolari, boshqarma va bo`lim boshliqlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta`limi boshqarmalari boshliqlari, davlat pedagogika hamda xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari rektorlari ishtirok etdi.
Majlisni Xalq ta`limi vaziri, hay`at raisi U.Inoyatov olib bordi.
Tadbirda 2017 yilning o`tgan davrida tizimda bajarilgan ishlar, “2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi” doirasida amalga oshirilishi lozim bo`lgan vazifalar muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan so`zga chiqqanlar ta`lim sifatini kuchaytirish, o`quv muassasalari rahbarlarining mas`uliyatini oshirish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar berdi. Tizim xodimlarining kasb malakasini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, ish faoliyatda AKTdan unumli foydalanish zarurligi ta`kidlandi.
Yig`ilishda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi “Umumiy o`rta va o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limining davlat ta`lim standartlarini tasdiqlash to`g`risida”gi qaroriga muvofiq umumta`lim muassasalarida kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan yangi davlat ta`lim standartlarini bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etish, o`quvchilar davomati bo`yicha nazoratni kuchaytirish, “Oila–mahalla–ta`lim muassasasi” jamoatchilik kengashi ko`magida ota-onalar o`rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, o`qituvchilarning sifat tarkibini yaxshilash, ularning uzluksiz va mustaqil ravishda kasbiy mahoratini oshirib borishi uchun harakatdagi o`quv mashg`ulotlarini tashkil etish, metodik xizmatning yangi, o`qituvchilar ehtiyojiga asoslangan tezkor va samarali shakllarini keng joriy etish, ta`lim muassasalari rahbarlarining salohiyatini oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Tadbirda tizimdagi islohotlarning natijalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017–2021 yillarda maktabgacha ta`lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosi yuzasidan batafsil ma`lumotlar berildi.
Tanqidiy tahlil asosida o`tgan yig`ilishda vazirlik va uning quyi tizimlarida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi, fuqarolar murojaatlariga o`z vaqtida, qonuniy javob berish, ularni qiynayotgan muammolarga echim topish masalalariga alohida urg`u berildi. Qayd etilishicha, hisobot davrida virtual qabulxona orqali Xalq ta`limi vazirligiga jami 3,5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Murojaatlarni o`rganib, qanoatlantirish, muammolarni sifatli hal etish, joylarda aholi bilan ochiq muloqotlar o`tkazish, interaktiv xizmatlarni yanada takomillashtirish zarurligi ta`kidlandi.