Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXHQ) sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni qoldirildi. Bu haqda advokat Ikromiddin Aytqulov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sud majlisining ko‘chirilishiga bir nechta omil sabab bo‘lgan. Xususan, ayrim ayblanuvchilar jinoyat ishi materiallari bilan to‘liq tanishib chiqishga ulgurmagan.
Shuningdek, himoya tomoni mavjud dalillar bo‘yicha tergov qarorlari ustidan Bishkek shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritgan.
“Shahar sudi shikoyat yuzasidan qaror chiqarganidan keyin, ish Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudida davom ettiriladi. Qamchibek Tashiyev sud majlislarida ishtirok etadi”, dedi advokat.
Ma’lum qilinishicha, Tashiyev hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish hamda xizmat mavqeini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda.
Jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun Bishkek shahri Birinchi may tuman sudiga yuborilgan. Ish bo‘yicha Tashiyev bilan birga yana yetti nafar shaxs ayblanuvchi sifatida o‘tmoqda.
Advokatning ta’kidlashicha, ish materiallari maxfiylashtirilgani sababli sud majlislari yopiq tartibda o‘tkaziladi. Tergov va sudga oid ma’lumotlarni oshkor qilish taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil fevral oyida Qamchibek Tashiyev Qirg‘iziston MXHQ raisi lavozimidan ozod etilgan edi. U bu qarorni kutmaganiini aytgan. Keyinchalik Qirg‘iziston prezidenti Tashiyev davlat xizmatiga boshqa qaytmasligini ma’lum qilgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, Jogorku Keneş deputati Elvira Surabaldiyeva intervyularidan birida Tashiyev davlat to‘ntarishiga urinish tashkil qilgani uchun lavozimidan olinganini iddao qildi.
Shundan so‘ng Tashiyev qirg‘izistonliklarga murojaat qilib, ularni norozilik namoyishlaridan tiyilishga chaqirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ish doirasida sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev va parlamentning sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek uulu ham ishtirok etmoqda. Biroq ularga qanday ayblov qo‘yilgani hozircha ochiqlanmagan.
Aprel oyi oxirida Qirg‘izistonda Qamchibek Tashiyevga rasman ayblov e’lon qilingan edi.






