AsosiyJAMIYAT

O'zbekistondagi 8 mingdan ortiq bolaga 200 dollardan hayitlik beriladi

Prezident ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, bemorlarni davolash va bolalarga ko‘mak berish bilan bog‘liq ishlar shaffof va manzilli tashkil etilishi lozimligini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.

'O'zbekistondagi 8 mingdan ortiq bolaga 200 dollardan hayitlik beriladi'ning rasmi

Qurbon hayiti munosabati bilan Oʻzbekistondagi 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, shuningdek, mamlakat sarhadlarini himoya qilish yoʻlida halok boʻlgan harbiy farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSh dollaridan pul mablagʻi oʻtkazib beriladi. Bu haqda 21 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan axborotda maʼlum qilindi.

Taqdimotda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqilgan.

Maʼlum qilinishicha, Qurbon hayiti munosabati bilan mamlakat boʻylab keng qamrovli xayriya va ijtimoiy tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, ogʻir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyotlari oʻtkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik kasallikka chalingan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari uchun harajatlarni qoplash, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi operatsiyalarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash doirasida davlat taʼminotidagi oilalar, parvarishga muhtoj yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga oziq-ovqat toʻplamlari tarqatiladi.

Bundan tashqari, 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, shuningdek, qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Mazkur chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Prezident ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash, bemorlarni davolash va bolalarga koʻmak berish bilan bogʻliq ishlar shaffof va manzilli tashkil etilishi lozimligini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.

    Boshqa yangiliklar