AsosiyJamiyat

​“Toshshahartransxizmat”ning yangi rahbari xodimlarga yuzaki o`ylangan vazifalar bergani uchun vazifasidan ozod etildi

'​“Toshshahartransxizmat”ning yangi rahbari xodimlarga yuzaki o`ylangan vazifalar bergani uchun vazifasidan ozod etildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoevning 2017 yil 7 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo`yicha harakatlar strategiyasi to`g`risida”gi 4749-F-son Farmonida 2017-2021 yillar davomida aholiga transport xizmati ko`rsatishni tubdan yaxshilash, yo`lovchi tashish xavfsizligini oshirish va atrof muhitga zararli moddalar chiqishini kamaytirish, har tomonlama qulay yangi avtobuslarni sotib olish kabi dolzarb masalalar vazifa qilib belgilangan.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 martdagi “Toshkent shahar yo`lovchi tashish transportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan Toshkent shahri aholisi va mehmonlariga madaniyatli va sifatli transport xizmatlarini ko`rsatish maqsadida 2017-2019 yillar davomida “Toshshahartransxizmat” AJ avtobus saroylari tomonidan jami 865 ta, ya`ni 350 dona katta hajmdagi MAN rusumidagi va 515 dona Isuzu rusumidagi avtobuslarning xarid qilinishi, 2017-2021 yillarda mavjud yo`nalishlarni maqbullashtirish va yangi yo`nalishlarning ochilishini ta`minlash, yo`l kira haqini to`lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, shahar yo`lovchi tashish transportini rivojlantirishning 2030 yilga qadar mo`ljallangan Kontseptsiyasini tayyorlash va eng asosiysi yo`lovchilarga o`z vaqtida sifatli xizmat ko`rsatish kabi vaqtinchalik emas, balki tizimli ishlarni olib borish yuzasidan bir qator vazifalar yuklatilgan.

Hozirgi kunda, Yurtboshimiz talqini bilan aytganda xalqni dardini shaxsan eshitib, masalani joyiga chiqib o`rganib, shaxsiy o`rnak ko`rsatish har bir rahbarning muhim burchidir.

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahar hokimining qarori bilan “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisining o`rinbosari-bosh muhandis Xolmatov Xosil Xusanovichga “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajarish yuklatilgan edi.

O`tgan qisqa vaqt mobaynida boshqaruv raisi v.v.b. tomonidan ko`pgina topshiriqlarni xodimlarni lavozim yo`riqnomalarida belgilangan vazifalar bo`yicha emas, balki o`zining sub`ektiv qarashlaridan kelib chiqib berganligi, o`tkazilgan yig`ilishlarda qisqa vaqt (10 kun) mobaynida yo`lovchi tashish transporti faoliyatini tubdan o`zgartirish yuzasidan, jumladan oylik yo`l chiptalari bo`yicha qimmatbaho sovrinlar berilishi kabi, yuzaki o`ylangan, chuqur tahlillarga asoslanmagan holda vazifalar berilgan.

Vaholanki, ushbu masalalarni har tomonlama o`ylangan va har bir avtobus korxonasining ish faoliyatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan ish rejalari asosida tizimli va qat`iy belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta`minlash mumkin. Buning isboti sifatida shahrimiz aholisi va mehmonlari tomonidan ularga yutuqli lotoreya o`yinlari emas, balki birinchi galda sifatli, madaniyatli va bexatar transport xizmati ko`rsatilishi kerakligi, ayniqsa xaydovchi va chiptachilarning yo`lovchilarga bo`lgan munosabatlarining tubdan yaxshilanishi yuzasidan bildirayotgan e`tirozlarini ta`kidlash mumkin.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent shahar hokimining qaroriga asosan “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisining o`rinbosari-bosh muhandis Xolmatov Xosil Xusanovich "Toshshahartransxizmat" AJ boshqaruv raisi vazifasini vaqtinchalik bajarishdan ozod etilgan.

Shu bilan birga, X.Xolmatov tomonidan “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisining moliyaviy masalalar bo`yicha o`rinbosari M.Valievni egallab turgan vazifasidan ozod etish taklifi rahbariyat tomonidan rad etilgan.

Boshqa yangiliklar