2017 yilning 19 may kuni taxminan soat 17:00 da, Yunusobod tumani hududida joylashgan ko`p qavatli uylarining birida, ayol kishining ko`plab sanchilib kesilgan jarohati bilan murdasi topilgan. Shuningdek, xonadondan unga tegishli bo`lgan “SAMSUNG” rusumli uyali aloqa telefon apparati, tilla taqinchoqlari va pullari saqlangan temir quti talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan (qasddan odam o`ldirish) jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida, ushbu jinoyat Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, Ali Amankulov tomonidan sodir etilganligi aniqlandi. Undan jinoiy yo`l bilan qo`lga kiritilgan 3.600.000 so`m pul, 101 AQSh dollari, “SAMSUNG” rusumli uyali aloqa telefon apparati, tilla taqinchoqlar va erkaklar qo`l soati olingan.
Hozirda Amankulovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan bo`lib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.
Yuqoridagi shaxsning anketa ma`lumotlari o`zgartirilgan bo`lib, familiya va ismlarning xar qanday o`xshashligi tasodifiy xarakterga ega.