Qarorga ko‘ra, 2026–2028 yillarda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qator maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan. Xususan, chorvachilik mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash darajasini 50 foizga yetkazish hamda nasldor qoramollar ulushini 90 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Hujjatga asosan, 2027 yil hosilidan boshlab paxta va boshoqli don ekiladigan maydonlarning 50 foiziga ozuqabop ekinlar joylashtirishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan 2030 yil 1 yanvargacha aholi xonadonlarida identifikatsiya qilingan sigirlardan olingan har bir nasldor buzoq uchun subsidya ajratiladi. Sun’iy urug‘lantirish orqali olingan buzoq uchun 500 ming so‘m, embrion ko‘chirib o‘tkazish orqali olingani uchun esa 700 ming so‘m to‘lanadi.
Qaror bilan yana bir muhim imtiyoz ham joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 iyundan 2029 yil 1 yanvargacha xorijdan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni O‘zbekistonga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.






