AsosiyJAMIYAT

O‘zbekistonda qabristonlarni obodonlashtirish uchun 1,6 trln so‘m ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining “Qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

'O‘zbekistonda qabristonlarni obodonlashtirish uchun 1,6 trln so‘m ajratiladi'ning rasmi

Hujjatga ko‘ra, respublikadagi 10 mingdan ortiq qabristonni obodlashtirish maqsadida 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan dastur tasdiqlangan. Ushbu ishlar uchun jami 1,6 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.

Qaror bilan dasturni moliyalashtirish manbalari ham belgilandi. Jumladan, qabristonlarning himoya devorlarini qurish, kirish darvozalarini o‘rnatish va ta’mirlash ishlari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Qabristonlardagi bino va inshootlar, shuningdek, yo‘l va yo‘laklarni qurish hamda ta’mirlash ishlari esa har bir qabriston uchun ochiladigan shaxsiy hisobvaraqlarda shakllangan mablag‘lar, homiylik va xayriya pullari, mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

Hujjatga muvofiq, xayriya mablag‘larini shaffof nazorat qilish maqsadida har bir qabriston uchun alohida shaxsiy hisobvaraq ochiladi. Qayd etilishicha, shu vaqtgacha bir tumandagi barcha qabristonlar uchun bitta hisobvaraq yuritilgani sababli mablag‘lar harakati to‘liq nazorat qilinmagan.

Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslardan ixtiyoriy xayriya mablag‘larini qabul qilish uchun maxsus QR-kodlar joriy etiladi. Tushgan mablag‘lar faqat qabristonlarni saqlash, obodlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga sarflanadi.

    Boshqa yangiliklar