AsosiyJAMIYAT

Muqaddam sudlangan narkosavdogarlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan giyohvandlik vositasining sof og‘irligi 985 grammni tashkil etgan.

'Muqaddam sudlangan narkosavdogarlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi'ning rasmi

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi, 1999 yilda tug'ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o'ldirish yoki zo'rlik ishlatish bilan qo'rqitish) hamda 140-moddasi (haqorat qilish) bilan sudlangan ayol 2025 yil iyul oyida qo'shni respublikaga borib, narkosavdogardan 1 kilogramm "gashish" moddasini 6 ming AQSh dollariga sotib olish va uni O'zbekiston hududiga olib kirish bo'yicha kelishuvga erishgan.

Ma'lum vaqt o'tgach, ayol "WhatsApp" messenjeri orqali giyohvandlik vositasi qoldirilgan xufiya joy manzilini olgan.

Shundan so'ng u muqaddam giyohvandlik bilan bog'liq jinoyatlari uchun sudlangan ikki tanishi bilan Bekobod shahri hududidagi dala maydoniga yo'l olgan.

Biroq ular giyohvandlik vositasini xufiya joydan olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo'mitasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo'lga olingan.

Ekspertiza xulosasiga ko'ra, musodara qilingan giyohvandlik vositasining sof og'irligi 985 grammni tashkil etgan.

Tergov jarayonida ayol o'zining 1993 yilda tug'ilgan jinoiy sherigi bilan birgalikda Bekobod shahrida ijaraga xonadon olib, u erda giyohvandlik vositalarini sotish va iste'mol qilish uchun "bangixona" tashkil etgani ham aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo'yicha Bekobod shahar sudi hukmiga ko'ra, mazkur shaxslar Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Ularga nisbatan 8 yil 3 oydan 10 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog'liq holatlarga duch kelganda, DXXning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Murojaat etuvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanishi ma'lum qilindi.

    Boshqa yangiliklar