AsosiyJinoyat

​“Qarzingizni konversion karta ochib berish orqali uzaman” deya aldov va firibni kasb qilgan ayol qismati

'​“Qarzingizni konversion karta ochib berish orqali uzaman” deya aldov va firibni kasb qilgan ayol qismati'ning rasmi

Dinara Rahimova (ism-familiyalar o`zgartirilgan) kunlarning birida “Feysbuk” internet tarmog`ida Munisa ismli ayol tomonidan joylashtirilgan “Chet davlatdan keltirilgan turli xil kosmetika vositalari va ayollar kiyim-kechagini sotaman” degan e`longa ko`zi tushib qoladi. Fursatni boy bermasdan tezda e`lon sohibasi qoldirgan raqamni terib, u bilan bog`lanadi. O`zaro qisqa suhbatdan so`ng Dinara aytilgan manzilga etib keladi.

Ilk tanishuv

— Assalomu alaykum, opa. Men biroz oldin telefonda gaplashgandim siz bilan, — deydi mehmon.

— Ha, esladim, keling, tashqarida turmasdan ichkariga kiring, — deya uyga taklif qildi mezbon.

Ular xonaga kirgach: — Opa, sotuvga qo`yilgan narsalaringizni ko`rsatsangiz, — tezda maqsadga ko`chadi Dinara.

“Hozir ozgina kutib turing” deganicha boshqa xonaga yo`l olgan mezbon qisqa muddat o`tib, qaytib chiqdi. Keyin bisotidagi mollarni — “gel dlya dusha”, “shampun”, “krem”, “qalam”, “kistachkalar”, “bijuteriyalar”, “lofer” va bir dona “N&M” markali oyoq kiyimni mehmonning oldiga tashlaydi.

— Bu tovarlarni Xitoyga borganimda olib kelganman. Sifatiga gap yo`q, qarang qanday chiroyli, — deya maqtadi mezbon. — Bularni olsangiz, baraka topasiz. Menga hozir pul juda zarur bo`lib qoldi, bo`lmasa sotmasdan o`zim ishlatardim.

Bu ta`rifu tavsiflarni eshitgan Dinara asosiy maqsadga o`tib, tovarlarni narxlariga qiziqdi. Ular o`zaro savdolashib, sotuvga qo`yilgan buyumlarni 200 AQSh dollariga kelishishdi.

— Mayli, siz aytgan narxga roziman. Faqat bir iltimosim bor, — dedi Dinara. — Shu desangiz hozir yonimda pulim kamroq, agar yo`q demasangiz, narsalarni olib ketsam, kelishgan summani 3 kundan keyin berib ketaman.

Bu iltimosni eshitgan mezbon-sotuvchining hafsalasi pir bo`ldi. Ammo o`zining odamni gap bilan sehrlash qobiliyatidan ustamonlik bilan foydalangan Dinara imkoniyat qo`ldan ketishini o`ylab, yana tilga kirdi:

— Siz rozi bo`lavering, men shu vaqtgacha hech kimni aldamaganman. Bir marta ishonch bildirib ko`ring, albatta uni oqlayman.

— Mayli, roziman, faqat qo`l bilan berib, oyoq bilan olmay, —javob berdi suhbatdoshining so`zlariga ishongan sotuvchi. Shundan keyin savdoni o`zi istagandek pishirgan Dinara xush kayfiyat bilan uyiga jo`nab ketadi.

Yangi taklif

Oradan 3 kun ham o`tadi. Lekin pullardan hali ham darak yo`q. Sabri tugagan Munisa Dinaraga qo`ng`iroq qiladi. Ammo u har gal tovar egasiga turli xil vajlar hamda bahonalar topadi. Oradan ma`lum vaqt o`tib, Dinara o`zining “Asaka” bankida kattagina lavozimda ishlashini aytib, Munisaga taklif kiritadi.

— Meni diqqat bilan tinglang, keyin xulosangizni bildirasiz. Men sizga va tanishlar topsangiz, ularga ham konversion karta ochib berishda ko`maklashaman. Faqat menga AQSh dollari sotib olinishi uchun pul to`lovi hamda konversion kartochkalarni ochish bilan bog`liq xarajatlarni bersangiz bo`ldi. Shundan keyin xizmat haqi sifatida olgan pullarim evaziga qarzingizdan qutulib olardim.

— Tanishlarim rozi bo`lishsa, buning uchun qanday hujjatlar topshirish lozim? — so`radi Munisa. Dinaradan faqat pul va pasport nusxalar talab qilinishini eshitgach, taklifni qabul qildi va navbatdagi uchrashuv vaqtini belgilab, xayrlashadilar.

Bank oldidagi shumlik

Munisa Dinara bilan kelishilgan joyda, ya`ni DATB “Asaka bank”ning Toshkent shahridagi Shayxontohur, Yakkasaroy, Mirobod tumanlarida joylashgan

filiallari oldida uchrashib, o`zi bilan olib kelgan jami 6.000 AQSh dollari va pasport nusxalarini unga uzatdi. Dinara talab qilingan hamma hujjatlar borligini bilgach, bankka yo`l oladi. Tashqarida kutib turgan sherigini ishontirish hamda xatti-harakatlarida shubha uyg`otmaslik maqsadida har bir bank filiali binosining ichida 10-15 daqiqa aylanib so`ngra qaytib chiqadi.

— Mana, ishlar hal bo`ldi. Kartalar tayyor bo`lgan zahoti xabar beraman, olib ketishlari mumkin, — dedi firibgar ayol tanishini xursand qilish uchun.

Ular xayrlashib, o`zlarining manzillari tomon yo`naladilar.

Yangi nayrang va fosh bo`lgan jinoyat

2015 yil 29 sentyabr kuni firibgar Dinara Munisaga qo`ng`iroq qiladi. Hol-ahvol so`ragach, Munisa Dinaradan ishlar qanday ketayotganini so`raydi.

— Ozgina muammo paydo bo`lib qoldi-da. Shuni zudlik bilan hal qilishimiz kerak, — so`zladi Dinara. — Yangi ochtirilgan konversion kartalar blokka tushib qolibdi.

— Nega? Hali bir marta ham ishlatilgani yo`q-ku, — dedi hayratini yashirolmay Munisa. — Endi nima qilish kerak?

— Shunday holatlar ham bo`lib turadi-da, asabiylashmang, — tinchlantirdi uni Dinara. — Kartalarni blokdan chiqarish uchun bir-ikki so`m pul kerak. O`zingiz yaxshi bilasiz, hozirgi vaqtda mushuk ham tekinga oftobga chiqmaydi. Sarf-xarajatdan qochmaysiz-da.

— Obbo, yana qancha pul so`raysiz?

— 800 AQSh dollari bering, masalani hal qilib beraman.

Ammo bu miqdordagi xorijiy valyutalarni olib ham Dinara masalani hal etmaydi, barcha pullarni o`z ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi. Na konversion kartadan, na qarzdan darak bo`lmaydi. Bu galdagi turli bahonalar bilan chap berishga urinishi esa uzoqqa bormadi. Firibgar ayolning qilmishiga qonun himoyachilari tomonidan chek qo`yildi. Endi u jinoyati uchun qonun oldida javob beradi.

Zoir KAMOLOV,

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar

Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi.

Zuhriddin RAHMONOV, jurnalist

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar