AsosiyJamiyat

​«Haj» va «Umra» safari uchun to`lov miqdori onlayn e`lon qilinadi

'​«Haj» va «Umra» safari uchun to`lov miqdori onlayn e`lon qilinadi'ning rasmi

«Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish bilan bog`liq ma`lumotlar (fuqarolarning haj va umra safarlariga navbati, safar uchun ajratilgan o`rinlar, to`lovlarning miqdori va boshqalar) muntazam ravishda O`zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy veb-saytida e`lon qilib boriladi.

Bu haqda “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish tartibi to`g`risida”gi Vazirlar Mahkamasining Qarorida belgilab qo`yildi.

Shuningdek hujjatda tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi har yilgi «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha tashkiliy guruhlar fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan taqdim etilgan ziyoratchilarning ro`yxati asosida ularni «Haj» va «Umra» tadbirlariga boradigan ziyoratchilarning yagona onlayn navbat tizimida ro`yxatdan o`tkazib borishlari belgilandi.

«O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasiga aviaqatnovlarida fuqarolarning «Haj» va «Umra» tadbirlariga borish-kelishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mazkur tadbirlar uchun aviachiptalar narxini arzonlashtirish choralarini ko`rish topshirildi.

Qarorda keltirilishicha, O`zbekiston musulmonlari idorasi va uning Qoraqalpog`iston Respublikasidagi qoziyoti hamda viloyatlar va Toshkent shahri vakilligi tomonidan banklarda «Haj» va «Umra» tadbirlari uchun ziyoratchilardan yig`iladigan mablag`larning maqsadli ishlatilishini ta`minlash maqsadida maxsus hisobvaraqlar ochiladi.

Ziyoratchilardan olinadigan to`lovlar belgilangan «Haj» va «Umra» mavsumidan kamida ikki oy oldin, bir yo`la umumiy summani to`lig`icha to`lash yo`li bilan naqd pul yoki naqd pulsiz tartibda amalga oshiriladi.

To`lovlar Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ochilgan maxsus hisobvaraqlar ochilgan bankning barcha hududiy filiallarida amalga oshirilishi mumkin.

To`lovlar Hay`atning ishchi organi tomonidan ochilgan maxsus hisobvaraqda to`planadi hamda O`zbekiston musulmonlari idorasining maxsus hisobvarag`iga o`tkaziladi.

«Haj» va «Umra» tadbirlari bilan bog`liq barcha sarf-xarajatlar har bir ziyoratchi uchun safar xarajatlari smetasi asosida O`zbekiston musulmonlari idorasi maxsus hisobvarag`iga yig`ilgan mablag`lar hisobidan qoplanadi.

«Haj» va «Umra» tadbirlari uchun to`lovni amalga oshirgan, biroq ma`lum sabablarga ko`ra mazkur tadbirlarga bora olmagan yoki bora olmaydigan fuqaroga shaxsan o`zining arizasi yoki uning nomidan ishonchnomaga asosan harakat qilayotgan shaxsning arizasiga muvofiq to`langan to`lovlar to`laligicha ariza taqdim etilgan paytdan boshlab o`n ish kunida fuqaro (ishonchli vakil) tomonidan taqdim etilgan maxsus hisobvaraqqa o`tkazib beriladi.

Fuqaroning vafot etishi munosabati bilan «Haj» va «Umra» tadbirlariga borish uchun to`langan to`lovlar vafot etgan fuqaro qonuniy merosxo`rining arizasiga asosan merosxo`r taqdim qilgan maxsus hisobvaraqqa o`tkazib beriladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar