AsosiyMutolaa

Qo`sh xotinlik: Kimga bahona, kimga ko`ngil hushi?

'Qo`sh xotinlik: Kimga bahona, kimga ko`ngil hushi? 'ning rasmi

Yaqinda bir tanishim to`yga aytdi. «Uyim Mahsuma ammangiz uyining yonida. Bo`lajak qudam bilan kelishib, nikohni ham, kelin, kuyov challarlarni ham o`z uyimizda o`tkazyapmiz. Axir yillar davomida hovli - joy qilib, otamiz o`tgan uylarni ta`mirlab, kuchimizni ham, mablag`imizni ham sarfladik.Nega endi orzuli to`yimizni ko`chada o`tkazib kelarkanmiz? Qarindosh, do`st-yorlar to`yimizda kelib, uyimizda yayrashsin, keng va salqin ko`chamiz sahnida gurunglashib, ota-bobolarimizni eslashsin»...

Uning fikrini ma`qullab, niyatini qo`llab turarkanman, «Mahsuma ammam»...

«Qaysi Mahsuma ammam-a?»...deb xayol surardim. Shu payt jajji nabiram shoyi ko`ylakchasini xilpiratib xonamga kirib qoldi.

Hah, esim qursin! Axir bu ko`ylakchani aynan Mahsuma ammam katta o`g`limning beshik to`yida sovg`a qilib kelgan qo`l mashinada tikkanman-ku!

Mahsuma amma...

Otamning ko`chadan topgan opa-singillari ko`p edi. Qumri amma, Rahima amma, Fayzi amma...

To`g`ri, ammalar ko`chada o`smaydi, lekin ko`chada ham qolmaydi!

Urush ko`rgan otajonim urush bevalariga aka-uka tutingandilar. Bolalari Murod tog`am keldi!, - deb bizni charaqlab kutib olar, tog`aning qizi, ya`ni meni ham ardoqlab ko`klarga ko`tarishardi.

Onam ularni “Oyba”m (Oy opam) deb atar, otam ko`ylak keltirsa ikkitadan bittasini “Oyba”larga atar, “qish kelyapti, besh qop un olaylik, o`n qop sabzi-piyoz kam”, deb ularning ham hisobini qilib yurar edi!

Hamon o`sha ammalarimning to`y-ma`rakalarida izzatli mehmondir onam!

Ayrimlari bilan quda bo`lib, chinakam qarindoshlik rishtalarini bog`lagan...

Tavba, deyman, qo`sh xotinlikni da`vo qilayotgan ayrimlarning gapini tinglab.

Hozir erkakdan qochib, chimmatda qo`li qisqa, tili soqov bo`lib o`tiradigan zamonimas, ayollarning!

Qolaversa qaysi ersiz xotin ochidan o`libdi?

Aksariyatining qo`lida xunari, uchqur mashinalarning ruli!

Aka-ukasi, qarindosh urug`lari bor. Kimgadir xola, kimgadir amma bo`lishga arziydigan aql-xushli, ibo-xayoli...

Fohishalikka yo`naltirayotgan ham, “o`ynash”likka chorlayotgan ham menimcha nafsi buzuq erkaklar, iymonsiz, oyog`i erdan uzilgan “amaldor”lardir. O`shalar o`z qizlarini ikkinchi xotin bo`lishini xohlarmikan?

So`rab ko`ring, qo`l ostida ishlab, “kanizak”ka aylanishini-chi?..

Umida Abduazimova

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar