AsosiyJamiyat

​Shavkat Mirziyoev o`zbek tilida so`zlasha oladigan robot yaratgan 26 yoshli yigitni vazir o`rinbosari etib tayinladi

'​Shavkat Mirziyoev o`zbek tilida so`zlasha oladigan robot yaratgan 26 yoshli yigitni vazir o`rinbosari etib tayinladi'ning rasmi

O`zbek tilida so`zlashadigan robot ixtirochisi 25 yoshli Olimjon To`ychiev Prezident Shavkat Mirziyoevning tavsiyasi bilan Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda «Namnews.uz» nashri xabar berdi.

Olimjon To`ychiev asli metallurglar shahridan. Bekoboddagi sanoat kasb-hunar kollejida o`qib yurgan kezlaridayoq robot-texnikaga qiziqib qoldi. Bilasiz, bu asrimizning eng oldi va istiqbolli sohalaridan. Nima deysiz, orzuga ayb yo`q. Yosh qahramonimiz ham “temir odam”larga taqlidan bir nimalar yasab yurdi. Ammo bu yo`nalishda qoyilmaqom ish qilish uchun qiziqishning o`zi kamlik qilarkan. Binobarin, uning urinishlarini ixtiro, deb bo`lmasdi hali.

Olimjonning orzusi Toshkentdagi Turin politexnika universitetiga o`qishga kirgach, birin-ketin ushala boshladi. Ayniqsa, 2011 yil universitet qoshida “Mexatronika” markazi ochilgani zap ish bo`ldi-da. Markaz mutaxassislari Eldor Hasanov va Mahmud Sultonov ko`magida innovasion loyihalarini birma-bir ro`yobga chiqara boshladi.

Ovoz yordamida boshqariladigan robotning ixtiro qilinishi ana shu hamkorlikning ilk mahsulidir. Bu “itoatkor nusxa”ga ma`lum dasturlar asosida og`zaki buyruq bersangiz, bas, gapingiz erda qolmaydi. Eng muhimi, u bilan mobil aloqa yordamida istalgan hudud, istalgan masofadan turib bog`lanish mumkin. Aytganday, bu ixtirosiga hech kim uning o`zichalik zo`r ta`rif berolmaydi. “Dunyoda ovoz orqali boshqariladigan robotlar ko`p, lekin bizniki o`zbek tilini “tushunadigan” birinchi robotdir”, deydi Olimjon.

Dastlabki yutug`idan ruhlangan talaba yana izlandi, o`rgandi. Ko`p o`tmay, hali eslaganimiz —“Alomatxon”ning “aqlli uka”lari ko`payib qoldi. “Minisumo” va “Mikrosumo” yo`nalishlaridagi texnologik ishlanma ham o`ziga xos yangilik sifatida munosib e`tirof topmoqda. Joriy yilning 25 — 26 yanvar kunlarida xorijda bo`lib o`tgan “GEEK PICNIC” texnika va texnologiyalar festivaliga Olimjon To`ychievning ham taklif etilgani ana shundan dalolat beradi.

Mazkur anjuman doirasida “Robosumo” bo`yicha musobaqa tashkil etildi. Shart oddiy: ikki robot biri-birini ta`qib etib, maydondan chiqarib yuborishi kerak. Bellashuvlarda Olimjonning robotlari bo`sh kelmadi. Yakunda dunyoning ko`plab mamlakatlaridan kelgan 70 jamoa ishlanmalari orasida Toshkentdagi Turin politexnika universiteti talabasining loyihasi “Eng texnologik robot”, deb topildi.

Darvoqe, xuddi shu nufuzli anjumanga tayyorgarlik ko`rayotganda, ixtirochi yigitning hayotida yana bir unutilmas voqea ro`y berdi. Prezidentimizning 2013 yil 4 dekabrdagi Farmoniga muvofiq, yuqori natijalarga erishgan bir guruh iqtidorli yoshlar qatorida Olimjon To`ychiev ham “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.

Ushbu satrlar «Xalq so`zi» gazetasining 2014 yil 14 mart sonida chop etilgan “O`zbekcha «gapiradigan» robot” nomli maqoladan olingan. Ushbu maqola qahramoni kuni kecha Shavkat Mirziyoevning tavsiyasi bilan Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosari etib tayinlandi. U vazirlikda ish faoliyatini boshlab yubordi.

Olimjon 1991 yil 27 oktyabrda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tavallud topgan. 2014 yildan buyon Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti texnopark yangi loyihalar bo`yicha muhandisi vazifasida ishlab kelayotgandi. 2015 yilda ushbu universitetning bakalavr yo`nalishini tamomlagan. 2017 yili esa Germaniyadagi Xoffenxaym universiteti magistraturasini tugatgan. Rus, ingliz, nemis, italyan tillarida erkin so`zlasha oladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar