2017 yil 20 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta`lim muassasalariga qabul qilish, talabalar o`qishini ko`chirish, qayta tiklash va o`qishdan chetlashtirish tartibi to`g`risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 393-sonli qarori qabul qilingani va unda qo`shimcha kontraktlarning oshirilgan miqdori tasdiqlangani haqida huquqshunos-bloger Xushnudbek Hudoyberdiev ma`lumot bergan edi.
O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi mazkur qarorning ijrosini ta`minlash maqsadida to`lov-kontrakt asosida belgilangan kvotadan tashqari oliy ta`lim muassasalariga qo`shimcha ravishda qabul qilish bo`yicha tartib ishlab chiqdi, deb yozadi blogger.
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko`ra, to`plagan ballari tasdiqlangan to`lov-kontrakt bo`yicha qabul kvotalari chegarasiga 4 ballgacha etmagan abiturientlar uchun quyidagicha miqdor belgilangan edi:
1 ballgacha etmagan abiturientlar uchun – 1,5 barobar;
1.1 balldan 2 ballgacha etmaganlar uchun – 2,0 barobar;
2.1 balldan 3 ballgacha etmaganlar uchun – 2,5 barobar;
3.1 balldan 4 ballgacha etmaganlar uchun – 3,0 barobar.
Davlat komissiyasining tartibiga muvofiq, barcha ta`lim sohasi va ta`lim yo`nalishlari bo`yicha 4 balldan ortiq ball etmagan, eng yuqori ballning 30% (68,0 ball)dan kam bo`lmagan holda, qo`shimcha ravishda o`qish istagini bildirgan abiturientlarning birinchi o`quv yili uchun to`lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlandi.
Oshirilgan to`lov-kontrakt miqdorlariga nazar tashlasak, eng qimmat to`lov huquq yo`nalishida ekanligini ko`rish mumkin. Unga ko`ra, yurisprudensiya yo`nalishi bo`yicha qo`shimcha-kontraktda o`qish istagini bildirganlar birinchi o`quv yili uchun 25 baravar miqdorida kontrakt to`lashi lozim bo`ladi. Bu bugungi kunda 246 mln. 250 ming so`mni tashkil etmoqda.
ESLATMA: ushbu oshirilgan kontrakt miqdori faqat birinchi yil uchun to`lanadi. Keyingi yillarda hamma qatori oddiy miqdordagi kontrakt to`lanadi.
Barcha miqdorlar bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.