2017 yil 21 iyul kuni soat 16:45 da O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasida 1 millioninchi murojaat ro`yxatga olindi.
Murojaatlarning qariyb 93% foizi o`zbek tilida, qolgani rus tilida kelib tushgan. Murojaatlarning vazirlik va idoralar bo`yicha taqsimotida ilk uchlikni Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi hamda Oliy sud egalladi. Aholidan yuborilgan aksariyat murojaatlar uy-joy masalasi bilan bog`liq.
10 oyda millionta murojaatning kelib tushishi xalqning davlatimiz rahbariga, mazkur yangi institutga bo`lgan ishonchni ko`rsatadi. Bu raqam Virtual qabulxona aholi muammolarini hal qila oladigan mexanizm ekanligini ham tasdiqlaydi.
Shu o`rinda, bir ma`lumot: Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalari institutlari majmui, ularni ishlatuvchi davlat organlari tizimi boshqa hech qaysi davlatda joriy etilmagan.
Ma`lum bo`lishicha, ayrim murojaatlar quyi darajadagi ijrochilar tomonidan lozim darajada to`laqonli va sifatli ko`rib chiqilmoqda, deb aytish qiyin. Ba`zi muammolarning echimi esa, ayniqsa ijtimoiy-iqtisodiy, kommunal sohadagi masalalar davlatimizda ro`y berayotgan islohotlarninig ko`lami va natijasi bilan bog`liqdir hamda ma`lum bir vaqtni talab etadi.
Lekin bu muammolarga albatta barham beriladi. Prezident tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil hayotga to`liq tatbiq etiladi.