Valyutani tartibga solish to`g`risidagi qonun hujjatlari buzilishining oldini olish, aniqlash va ular chek qo`yish maqsadida respublikamiz bojxonachilari tomonidan doimiy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Ushbu tadbirlar samarasi o`laroq, yaqinda “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan ko`p miqdordagi soxta valyutalarning olib o`tilishiga doir bojxona qoidabuzarligi fosh qilindi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Istanbuldan uchib kelgan fuqaro E.Abdulxaevaning yo`l sumkasi bojxonachilar tomonidan belgilangan tartibda ko`zdan kechirilganda, sumkadagi oyoq kiyimlari orasiga 20 ming AQSh dollari yashirib joylashtirilganligi aniqlandi.
Yo`lovchi bojxona dekrasiyasida va bojxona xodimlarining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilinmagan, bojxona nazoratidan yashirincha olib o`tishga urinilgan ushbu valyutalarni sinchiklab ko`zdan kechirish davomida bojxona xodimlarini shubhalantirgan yana bir jihat fosh bo`ldi.
Gap shunda-ki, bir qarashda haqiqiydek tuyulsa-da, ushbu kupyuralarning barchasi qalbaki bo`lib chiqdi. Buni qalbaki kupyuralarni aniqlashga ixtisoslashgan valyuta detektori ham tasdiqladi.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazining xulosasiga ko`ra, ushbu kupyuralarda to`rsimon strukturalar va himoya lentalari mavjud emas, pullar maxsus korxonalarda tayyorlanmagan, aksincha oddiy elektrofotografik va yassi bosma usulda chop etilgan ekan. Shuningdek, kupyuralardagi ranglar bir-biridan yaqqol farq qiladi.
Surishtiruvlar davomida E.Abdulxaeva ushbu pullarni Istanbuldagi notanish shaxslarning iltimosiga binoan olib kelayotganligini ta`kidladi. Uning bu ishonuvchanligi endi unga qimmatga tushadi. Zero, amaldagi tartiblarni bilmaslik kishini javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Hozirda mazkur holat yuzasida ushbu shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3 qismi “a” bandiga muvofiq jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Ushbu moddaga binoan qalbaki chet el valyutasini juda ko`p miqdorda o`tkazish o`n yildan o`n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 240-moddasiga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasini kesib o`tayotganda naqd milliy va naqd chet el valyutasining olib o`tilishi ustidan nazorat bevosita bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.