AsosiyJamiyat

Islom Karimov «Lukoyl» kompaniyasi prezidenti bilan uchrashdi

3 dekabr kuni Oqsaroyda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov «Lukoyl neft kompaniyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.
 
Uchrashuv davomida Prezidentimiz Islom Karimov geologiya-qidiruv ishlarining samarali amalga oshirilishi «Lukoyl neft kompaniyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyatiga uglevodorod zaxirasini ko`paytirish va yuksak hamkorlik salohiyatiga ega ishonchli sherik mavqeini mustahkamlash imkonini berganini ta`kidladi.

Qandim konlar guruhini o`zlashtirish va gazni qayta ishlash zavodini qurish konsorsiumini tashkil etishga tayyorgarlik ko`rish hamkorlikning eng ustuvor yo`nalishlaridan hisoblanadi, deya xabar beradi O`zA.

Xususan, uchrashuv chog`ida Buxoro viloyatida gazni qayta ishlovchi zamonaviy zavodni loyihalashtirish jarayoni va barpo etish masalalari muhokama etildi. Ustyurtdagi konlarda hamkorlikni faollashtirish masalasi ham ko`rib chiqildi.
 
Uchrashuvda 2014-2020 yillarda Buxoro-Xiva va boshqa hududlardagi konlarda qator yirik loyihalarning amalga oshirilishi uzoq muddatli sheriklikka yangi sur`at bag`ishlashi ta`kidlandi.
 
Shuningdek, “Lukoyl” kompaniyasi I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga katta e`tibor qaratayotgani ta`kidlandi. Ushbu oliy o`quv yurti bitiruvchilari – yuqori malakali yosh mutaxassislarga jahon uglevodorodlar bozoridagi etakchi kompaniyalarda talab katta.
 
Vagit Alekperov davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun va «Lukoyl neft kompaniyasi» ochiq aksiyadorlik jamiyatining O`zbekiston neft-gaz tarmog`idagi faoliyati natijalarini yuksak baholagani, shuningdek, o`zaro manfaatli va keng ko`lamli loyihalarni amalga oshirishda yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. Mehmon o`zi rahbarlik qilayotgan kompaniya o`zbekistonlik sheriklar bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta`kidladi.  

 
«Lukoyl» kompaniyasi O`zbekiston yoqilg`i-energetika tarmog`idagi yirik investorlardan biridir. Kompaniya rahbariyati hamkorlik muvaffaqiyatlarini, avvalo, mamlakatimizda yaratilgan qulay investisiya muhiti, iqtisodiy barqarorlik kafolatlari va asosiy tarmoqlarning katta imkoniyatlarida deb biladi. 
 

    Boshqa yangiliklar