AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) yangi immigratsiya qoidalarini e'lon qildi. Unga ko'ra, yashil karta (Green Card) olish uchun murojaat qiluvchilar ariza jarayonida AQSh hududidan chiqib, hujjatlarni xorijda topshirishi talab etilishi mumkin. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi
USCIS ma'lumotida aytilishicha, ushbu choralar noqonuniy immigratsiyani kamaytirish va doimiy yashash huquqi rad etilganidan keyin mamlakatda qolib ketish holatlarining oldini olishga qaratilgan.
Yangi tartibga ko'ra, talabalar, vaqtinchalik ishchilar va sayyohlar kabi noimmigratsion viza egalari tashrif muddati tugagach AQShni tark etishi shartligi ta'kidlanmoqda. Immigratsiya ishlarining asosiy qismi AQSh konsulliklari orqali ko'rib chiqilishi rejalashtirilgan.
CNN ma'lumotlariga ko'ra, bu o'zgarishlar ba'zi oilalarning ajralishi, ish o'rinlarining yo'qolishi va immigratsion noaniqliklarning kuchayishiga sabab bo'lishi mumkin.
Shuningdek, AQShda “oltin karta” dasturi ham joriy etilgan. Unga ko'ra, ariza ko'rib chiqishni tezlashtirish uchun 15 ming dollar to'lov va keyinchalik 1 million dollarlik depozit asosida yashash va ishlash imkoniyati beriladi.






