03.02.2014 12:24
Xiyonatning qonli manzili yohud yangasi va uning jazmanini o`ldirgan qaynog`a qismati
Ochig`i, bu mash`um hodisaning bosh aybdori qonun doirasida o`z jazosini olgan bo`lsa-da, insoniylik nuqtai nazaridan hodisa ishtirokchilarining qay biri aybdor-u, qay biri jabrdiyda ekanini e`tirof etish mushkul.
...Aslida bu oila haqida mahalla— ko`y, qo`ni— qo`shnilarning barchasi ijobiy fikrda. Oila boshlig`i ham, uning farzandlari, kelinlari, nevara— chevaralari ham halol mehnat ortidan kun ko`rib kelgan oddiy insonlar. Nizomjon aka (barcha ism— familiyalar o`zgartirilgan) o`g`illarini mard, tanti, halol, jasur qilib tarbiyalagandi. Ammo, vaqti kelib, farzandlaridan biri og`ir jinoyatga qo`l urishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi.
Katta o`g`il Elmurod ko`proq pul topaman, oilamning kam— ko`stini butlayman, deb g`urbat diyoriga yo`l olmaganida— ku, olam – guliston edi. Elmurod olis Sibir yurtiga qatnab ishlayotganiga ikki yildan oshgandi. Har yili bir— ikki marta oilasi bag`rigsha qaytar, ota— onasi, ayoli, farzandlari diydoriga to`yar— to`ymas yana ortiga qaytib ketardi. Nizomjon aka ko`p bora o`g`liga nasihat qildi:
— O`g`lim, shuncha payt ishlading, o`zimizda ham intilsang, harakat qilsang biring ikki bo`ladi. Nima qilasan o`sha yoqlarda?
Elmurod ko`nmadi. Qaysarligini qo`ymadi:
— Ota, yana biror yil ishlay. Hovlimni epaqaga keltirib, birorta mashina olvolay. Ana undan keyin shu erda qolaman. O`g`liga gap kor qilmasligini anglagan ota uni ortiqcha qiynab o`tirmadi. Elmurod esa, jo`nab ketishdan avval ukasi Nurmurodni yoniga chorladi.
— Uka, o`zing bilasan, uyda erkak kishi bo`lmasa, devor osha mo`ralaydiganlar chiqib qoladi. Yangangga, jiyanlaringga ko`z— quloq bo`l. Sen borsanki, men o`zga yurtlarda tinch, xotirjam yuraman. Nurmurod erdan ko`z uzmay bosh irg`adi. Aka ko`ngli taskin topgancha olis Sibir diyoriga uchib ketdi.
Akasi unga har hafta telefon qilar, ota— onasi, ukalari, jiyanlari va albatta xotini qanday yurgani bilan qiziqar, Normurod esa, “aka, hammasi joyida, xotirjam yuravering”deya uni tinchlantirardi. Nurmurod yangasi Zeboni yaxshi biladi. Uni xuddi opasidek ko`radi. Jiyanlarini ham jonidan ortiq biladi. Akasi ketganidan keyin uning o`rnini bilintirmaslikka, tez— tez xabar olib turishga, yangasining kam— ko`stini tuzatishga odatlangan. Qolaversa uyi ham yaqin. Ko`chaning narigi boshida. O`tgan yilning yoz oylari. Nurmurod keyingi paytlarda yangasining xiyod o`zgarganini, biroz parishonxotir bo`lib qolganini sezdi. Bir— ikki marta mahalladan o`ziga oro berib, chiqib ketayotganini ham ko`rdi.
— Ha, yanga, yo`l bo`lsin, — deb so`raganida, zarur ish bilan shaharga tushmoqchi ekanini aytgandi. Yaqinda akasining telefonda aytgan bir gapi ham uning shubhasini xiyol oshirgandek bo`ldi:
— Uka, yangang tuzukmi? Avvallari har kuni menga sms yuborib turardi. Ikki kun telefon qilmasam, uchinchi kun o`zi yo`qlardi. Hozir o`zim telefon qilmasam esiga ham kelmaydi. So`rasam, telefonimning puli yo`q, deb bahona qiladi. Nurmurodning
ichini timdalayotgan shubha kuchaysa— da, sir boy bermadi.
— Ha, ishlari ko`payib qolgandir— da!
Demak, bir gap bor. Oldin bir gapirib o`n kuladigan yangasi boshqacha bo`lib qolgan. Iloji boricha o`zini olib qochishga tirishadi.
Kunlarning birida Nurmurod mahalla boshida o`rtoqlari bilan anchagacha gurunglashib qoldi. Birgalashib, bir necha shisha pivoni bo`shatishdi. Oshnalarning ko`zlari suzilib qolgach, hamma uy— uyiga tarqaldi.
Nurmurod garchi ichkilik ta`sirida gandiraklab kelayotgan bo`lsa— da, miyasi tiniq ishlardi. Akasining uyi yonidan o`tib borarkan, mehmonxona chirog`i yoniqligini ko`rib sergaklandi. Akasi ketganidan beri bu uyning chirog`i yonmagan. Faqat uyga mehmonlar kelsa, akasining o`rtoqlari gap— gashtak qiladigan bo`lsa, shu uyga kiritishardi. Hozir... kim bo`lishi mumkin?
Yangasi shunchaki uy yig`ishtirish yoki biror ish bilan kirganmikin? Lekin, yarim kechasi— ya? Nurmurod shartta akasining darvozasini qoqdi. Javob bo`lavermagach, jiyanini ismini aytib chaqirdi:
— Elbek, ho Elbek. Shu payt yotoq tarafdan jiyani, mehmonxonadan esa, yangasi chiqib keldi.
— Ha, Nurmurodjon tinchlikmi? – so`radi yangasi biroz sarosima bilan.
Nurmurod yangasini zimdan kuzata boshladi.
— Yanga...haligi... shu erdan o`tib ketayotgandim.. Anuv... birorta qiziqroq disk bo`lsa, ko`raman degandim. Yangasi favqulodda tezkorlik bilan yotoqqa yugurdi. Zum o`tmay, qo`lida ikkita disk ko`tarib chiqdi.
— Mana, Nurmurodjon, bir emas, ikkita, mayli yaxshi dam oling. Ertaga gaplasharmiz— a?
Yangasining undan tezroq qutulishga urinayotganini payqab, dili yanada g`ashlandi.
— Bu qo`shiqlarmi? – so`radi Nurmurod vaqtni cho`zishga urinib. – Menga kino kerak edi. O`zbekchami, hindchami?
Darvozaxonaning xira chirog`ida ham Zeboning yuzidagi xavotir, hayajonni payqash qiyinmasdi. Yangasining qo`llari ham xiyol titrayotganini angladi.
— Ha, boya shuni aytmabsiz— da, men hozir chiqaman, — Zebo bu gal ham tezkorlik bilan aytilgan diskni olib chiqdi.
— Yanga, eshik— teshikni mahkamlab olganmisiz? Ehtiyot shart— da!
— Haa, yo`g`— a, xavotir olmang, sizam uyga bora qoling, ovsinim kutib qolgandirlar. Bemavrid yurmang ko`chalarda.
Nurmurod diskni olib ko`chaga chiqdi. Ammo, ichidagi shubha olovi o`n baravar alanga olgandi. Bor!
Ichkarida kimdir borligi aniq. Yangasi har doim bolalarining yonida yotardi. Bu gal ular ikkita eshikdan chiqib kelishdi. Nega boya to`g`ri mehmonxonaga qarab yurmadi? Endi uyga qanday kiradi? Yana nimani bahona qiladi? Bir muddat ko`chada o`yga borib o`tirdi. Keyin akasining devorga taqab qurilgan bostirmasi tarafga qaradi. Pastgina, bir hatlab ichkariga kirsa bo`ladi. Nurmurod tomga chiqib, mehmonxonani kuzata boshladi. Parda ortidagi sharpalarni ilg`agandek bo`ldi. Mana, yangasi tashqari chiqdi. Keyin o`g`li Elbekni chaqirib, unga nimalarnidir aytdi. Keyin ona— bola bostirma tarafga yurishdi. Chamasi, Zebo uni payqagandi.
— Elbek, — dedi ular bostirmaga yaqinlashganida. – bu men, sizlarning sergakligingizni sinab ko`rmoqchi edim.
— Voy, qo`rqitvordiyz— ku, — dedi Zebo yoqasiga tuflab. – Tinchlikmi, buncha bezovta bo`p qoldiyz.
— Tinchlikka o`xshamayapti, — dedi Nurmurod tomdan sakrab tusharkan. – Mehmonxonangizga kimdir kirganmi, deyman— da!
— Nimalar deyapsiz? – yangasining ovozi qaltirab ketdi. – U erda hech kim yo`q.
— O`zim ko`zim bilan ko`rmaguncha ko`nglim to`lmaydi.
Zebo darhol uning yo`lini to`sdi.
— Bu qanaqasi?
Yarim kechasi birovning uyiga nega kirarkansiz? Uyalmaysizmi? Ertaga akangiz kelsalar...
— Ha, akamni topshiriqlari shunaqa, — u yangasi chetga surib, mehmonxona tarafga yurdi...
Voqeaning qolganini qisqacha bayon qiladigan bo`lsak, Nurmurod mehmonxonaga kirishi bilan yangasining siri fosh bo`lgandi. Uy ichida biqinib o`tirgan begona yigit ko`zi qonga to`lgan Nurmuroddan jonini qutqarish uchun o`zini hovliga urdi. Orada qiyomat qo`pdi. Yangasining xiyonatiga shubhasi qolmagan Nurmurod qo`liga tushgan buyum bilan har ikkisini ura ketdi. Keyin esa, oshxonaga kirib, yaqinda charxlangan pichoqni olib chiqdi-yu, yangasini ham, uning notanish xushtorini ham pichoqlab tashladi....
Hali 26 yoshga ham kirmagan navnihol yigit voqea joyining o`zida dunyodan ko`z yumdi. Uch nafar farzandning onasi, guldek oilaning bekasi esa, kasalxonaga etmay jon berdi.
Bu fojeada kim ko`proq aybdor? O`z oilasi sha`ni, umr yo`ldoshining orini poymol qilib, jazosini olgan ayolmi, nafs yo`rig`iga kirib, nomahram ostona hatlagan mujarradmi, o`z oilasini tashlab, pul topaman deb o`zga yurtlarga yuzlangan ermi yo jahl otiga minib, qo`lini qonga belagan uka?
Qonun-ku, o`z so`zini aytdi. Qotil jazosini oldi. Ammo, Siz bunga nima deysiz, aziz zamondosh?
[right]
Bekzod Narmatov,
Namangan shahar prokuroining o`rinbosari,
Sohib Ixtiyor, jurnalist[/right]
"Darakchi" gazetasi, 1-son





