Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Yerevan Rossiya Federatsiyasi bilan mavjud strategik sheriklik va hamkorlik munosabatlarini saqlab qolish hamda uni izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uning ta'kidlashicha, Armanistonning tashqi siyosatdagi qadamlari ko‘pvektorli bo‘lib, mamlakat bir vaqtning o‘zida ham Rossiya, ham AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda.
Mirzoyan bu orqali ayrim rossiyalik siyosatchilar tomonidan bildirilayotgan, Yerevan G‘arbga yaqinlashib, Moskva bilan munosabatlar sovuyotgani haqidagi bayonotlarga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Armanistonning AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini rivojlantirishi Rossiyaga qarshi qaratilmagan, balki milliy manfaatlar va amaliy hamkorlik tamoyillariga asoslangan.
Shu bilan birga, Armaniston tomoni har bir yo‘nalishdagi tashqi aloqalar o‘zaro manfaat, suveren tenglik va pragmatik yondashuv asosida olib borilayotganini qayd etdi.
Bundan avval Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armanistonni Rossiyaga qarshi siyosiy lagerga jalb qilishga urinishlar bo‘layotganini aytgan edi.






