AsosiyJAMIYAT

25 may kuni davlat idoralari xodimlariga xizmat avtomobillaridan foydalanish taqiqlanadi

Ertaga, 25 may kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkaziladi.

'25 may kuni davlat idoralari xodimlariga xizmat avtomobillaridan foydalanish taqiqlanadi'ning rasmi

Ushbu aksiya Prezidentning atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi doirasidagi farmoni asosida tashkil etilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan boshlab har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun” hamda “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib borilishi belgilangan.

Farmon bilan davlat tashkilotlari va idoralari xodimlariga aksiya o‘tkaziladigan kunlarda xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlangan. Shu bilan birga, ushbu kunlar ish kuniga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.

Shuningdek, “Avtomobilsiz kun” aksiyasi vaqtida xizmat avtomobillaridan foydalanish davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalarini buzish deb baholanishi belgilangan.

Belgilangan talablarga amal qilmaslik davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari uchun xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Ekoqo‘mita davlat tashkilotlari xodimlari va fuqarolarni mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

    Boshqa yangiliklar