1

VOYaGA ETMAGAN SUDLANUVChILAR KAFILLIKKA OLINDI

Jinoyat 22.12.2017, 16:48
VOYaGA ETMAGAN SUDLANUVChILAR KAFILLIKKA OLINDI

Yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni imzolangan edi. Aynan, fuqarolarga o`z haq va xuquqlarini yanada tanitishga ko`mak beradigan bu farmondan kelib chiqib Jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi mahallalarda sayyor uchrashuvlar hamda sayyor sud majlislarini o`tkazmoqda. Bu esa sudlarning fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish orqali jinoyatchilikning oldini olish kabi vazifani bajarayotganidan dalolat beradi.

Mirzo Ulug`bek tumanining “Feruza” mahalla xududidagi 205-maktabda o`tkazilgan sayyor sud majlisida ham mahalla fuqarolari, o`quvchi-yoshlarning ishtiroki, sud jarayoniga guvoh bo`lishi, shuningdek, ularni qiziqtirgan savollarga sud xodimlari tomonidan javob berilishi aholi o`rtasidagi jinoyatchilikni oldini olishga qo`yilgan muhim qadamlardan biri bo`ldi.

— Aholi orasida jinoyatchilikning oldini olish uchun jinoiy, ma`muriy, fuqarolik hamda iqtisodiy ishlar bo`yicha Toshkent shahar sudlari raislari tomonidan ma`lum rejali dastur ishlab chiqilgan, — deydi Jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudi raisi Yoqutxon Haydarova. — Unga asosan, biz sudyalar Toshkent shahri bo`ylab barcha mahallalarga borib fuqarolar bilan uchrashamiz. Bunda mahalla raislari va profilaktika inspektorlari yordamida mahalladagi muammosi bor aholini ko`proq jalb etishga harakat qilamiz. Ular bilan yuzma-yuz muloqot o`tkazamiz. Bu esa bilib-bilmay qilinishi mumkin bo`lgan jinoyatlarning oldini oladi. Yaqinda bilmay jinoyat yo`liga kirib qolgan yoshlar hayotiga oid muhim hujjat — O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O`zbekiston yoshlar ittifoqi o`rtasida yoshlar masalalari sohasida o`zaro hamkorlik to`g`risida memorandum ham imzolandi. Endi sudlar mahalla, jamoatchilik kafilligidan tashqari Yoshlar ittifoqining kafolat xatlarini ham inobatga oladi. Bu esa bilmay noto`g`ri yo`lni tanlagan yoshlarga to`g`ri yo`lga o`tib olishlariga ko`mak beradi.

“Feruza” mahallasi xududidagi 205-maktabda o`tkazilgan sayyor sud majlisida yoshlik sho`xligimi yoki ota-onaning bee`tiborligi sababmi o`g`rilikka qo`l urgan voyaga etmagan uch nafar yosh, ya`ni Mo`minov, Saxobiddinov va Ilhombekovlarning ishi ko`rib chiqildi. Ular O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b, v, g” bandlarida ko`rsatilgan jinoyatlarni sodir etganliklari aniqlangan bo`lib, jinoyatlari uchun qat`iy belgilangan jazoni o`tashlari kerak edi. Biroq Yoshlar ittifoqining Mirzo Ulug`bek tumani kengashi kafilligi va mahalla faollari kafilligi sabab Mo`minov va uning sheriklari jazosi engillashdi. Mo`minovga bir yil ozodlikdan cheklash, Saxobiddinov va Ilhombekovga esa olti oy ozodlikdan cheklash jazosi belgilandi. Kafillik sabab hali murg`ak go`daklik nuqsi yuzidan ketmagan yoshlar qamoqxonadan asrab qolindi.

Xurshid SODIQOV,

Jinoyat ishlari bo`yicha

Mirzo Ulug`bek tuman sudi xodimi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1