Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i Gulnoza Rahimovaning O`zAga ma`lum qilishicha, 2018 yil 18 yanvar kuni Farg`ona viloyati Toshloq tumani ichki ishlar bo`limiga ichki a`zolarida ko`plab ignalar aniqlangan bola haqida xabar tushgan. Ma`lum bo`lishicha, bola 2017 yil 11 fevralda tavvallud topgan Azizbek Abdumajidov bo`lib, uning oilasi tumanning «Nayman» mahalla fuqarolar yig`inining Istiqlol ko`chasida istiqomat qilgan.
Xabarda mazkur holat yuzasidan Toshloq tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilgani aytiladi. Aniqlanishicha, A.Abdumajidov sog`ligi yomonlashgani sababli 2018 yil 13 yanvarda onasi Sh.Boltaboeva tomonidan tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Shu kuni birlashma tomonidan Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatish ilmiy markazi Farg`ona viloyat filialiga yuborilgan. Tibbiy tekshiruvlar davomida uning ichki a`zolarida ko`plab ignalar aniqlangan. Shu sababli bola 2018 yil 15 yanvarda davolanishni davom ettirish uchun Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatish ilmiy markaziga olib kelingan.
Mazkur ilmiy markazning jarrohlik bo`limida 17 yanvar kuni o`tkazilgan jarrohlik operasiyasi davomida A.Abdumajidovning qorin bo`shlig`i va bo`yin sohasidan jami 12 dona po`lat igna va sim bo`lagi chiqarib olingan. Hayot uchun xavfli bo`lmagan joyda joylashgan yana 3 dona ignani olish navbatdagi jarrohlik amaliyotiga qoldirilgan.
Gulnoza Rahimovaning aytishicha, sodir bo`lgan ushbu hodisa bo`yicha haqiqatni aniqlash hamda qonuniy qaror qabul qilinishini ta`minlash maqsadida 2018 yil 24 yanvarda Toshloq tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atildi. A.Abdumajidovning tanasiga ignalarning tushishi sabablarini aniqlash maqsadida qator ekspertizalar tayinlangan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






