2018 yilning 10 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegasiya Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhani tomonidan qabul qilindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining rasmiy sayti xabar berdi.
Suhbat chog`ida Vazir Eron Prezidentiga uchrashuv o`tkazish va O`zbekiston-Eron muloqotining dolzarb masalalarini muhokama qilish imkoniyati uchun minnatdorchilik bildirdi hamda O`zbekiston Rahbari Shavkat Mirziyoevning Hasan Ruhani va Eron xalqiga samimiy tilaklarini etkazdi.
Uchrashuvda O`zbekiston va Eron prezidentlarining 2017 yil 10 sentyabrda Ostona shahridagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi-nazaridan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Suhbatda qator mintaqaviy muammolar, xususan Afg`onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Afg`oniston inqirozini siyosiy hal qilish jarayonini boshlash uchun birgalikdagi xalqaro sa`y-harakat muhimligi qayd etildi.
Eron rahbari “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik” nomli Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferensiya o`tkazishga doir O`zbekiston tashabbusini qo`llab quvvatladi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa siyosiy va iqtisodiy masalalar ham muhokama qilindi.






