O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan qabul qilingan “Faol tadbirkorlik, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida Toshkent shahri va viloyatida propiska bilan bog`liq yangicha yondashuvlarni amalga tatbiq etish belgilangan edi.
Shundan kelib chiqib O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan qarorlar loyihalarida mazkur masalalarning huquqiy echimi keltirilgani xabar qilingandi.
Adliya vazirligining Telegramdagi «Huquqiy axborot» kanalida e`lon qilingan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida, xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga mavsumiy ishlarga keladigan fuqarolarni ro`yxatga olishda yangi tartibni joriy qilish ko`zda tutilmoqda.
Loyihaga ko`ra, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 fevraldagi 41-son qarori (O`zbekiston Respublikasi QT, 2012 y., 5-son, 32-modda) bilan tasdiqlangan O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo`yicha hisobga olish tartibi to`g`risida nizomning 211 band bilan to`ldirish ko`zda tutilmoqda.
“211 . Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga mavsumiy ishlar (qurilish, qishloq xo`jaligi va boshqa sohalarda) (keyingi o`rinlarda mavsumiy ishlar deb ataladi) bilan shug`ullanish uchun etib kelgan fuqarodan, uning profilaktika inspektori tomonidan qayd qilinishi sharti bilan, vaqtinchalik yashash joyi bo`yicha hisobga turishi talab qilinmaydi.
Mavsumiy ishlar bilan shug`ullanish uchun etib kelgan fuqaro mavsumiy ishlar olib borilayotgan joyning profilaktika inspektori tomonidan, maxsus qaydlar kitobiga tegishli yozuv va mavsumiy ishlarni amalga oshirish bo`yicha shartnomaga sanani ko`rsatib belgi qo`ygan holda, inspektor imzosi bilan tasdiqlanib quyidagi hujjatlar asosida ro`yxatga olinadi:
fuqaro pasporti (taqdim etiladi);
pasport nusxasi;
mavsumiy ishni taqdim etayotgan shaxs va fuqaro o`rtasidagi shartnoma.
Qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo`lsa, mavsumiy ishlarni amalga oshirish bo`yicha shartnoma oddiy yozma shaklda tuziladi”.






