«O`zbekiston havo yo`llari» Buyuk Britaniya mustaqil sayyohlik operatorlari assosiasiyasi — AITO a`zosi bo`ldi. Bu haqda milliy aviakompaniya matbuot xizmati ma`lum qildi.
Bu ikki mamlakat o`rtasidagi sayyohlik aloqalarini mustahkamlash va O`zbekistonning sayyohlik salohiyatini Britaniya bozorida ommalashtirishda muhim qadam ekanligi bildirilmoqda.
Uyushma a`zoligi «O`zbekiston havo yo`llari» brendi va mamlakatning sayyohlik mahsulotlarini keng targ`ib qilish, shuningdek Buyuk Britaniyadan O`zbekistonga sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
AITO o`z safiga 120 ga yaqin ixtisoslashgan va mustaqil turoperatorlarni birlashtirgan savdo guruhi bo`lib, uning a`zolari dunyoning 170 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi. 1976 yilda tashkil etilgan assosiasiya shtab-kvartirasi London janubi-g`arbida joylashgan.







