AsosiyJamiyat

Marhum «ishtiroki»da dalolatnoma tuzilgan

'Marhum «ishtiroki»da dalolatnoma tuzilgan 'ning rasmi

Elektr energiyasidan kimdir noqonuniy tarzda foydalanib, to`lov majburiyatidan qochib yurgan bo`lsa, xalqona aytganda, Alining qarzini Validan undirish insofdan bo`lmaydi. Bu fikrga barchamiz qo`shilamiz. Shunga qaramasdan, elektr tarmoqlari korxonasida ishlayotgan ba`zi xodimlarning «uddaburon»ligi oldida hayratdan yoqa ushlashga majbur bo`lamiz.

Qarshi shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ariza bilan murojaat qilgan R.Sa`dullaevaning manfaatini ko`zlab, fuqarolik ishlari bo`yicha Qarshi tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritdi. Ushbu arizada Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari 2014 yil 16 yanvarda tuzgan dalolatnomani g`ayriqonuniy deb topish va uning asosida hisoblangan 1 mln. 669 ming 20 so`m qarzdorlikni undiruvdan chiqarish va mansabdor shaxsdan manfaatdor shaxsga etkazilgan ma`naviy zarar uchun 5 mln. so`m tovon puli undirish so`raldi.

Sud majlisida R.Sa`dullaeva Qarshi shahar 1-mittitumandagi 1 «A» uy, 9-xonadon o`ziga tegishli ekanini bayon etdi. Ushbu uyda elektr hisoblagich o`rnatilgan bo`lsa-da, korxona tomonidan Qarshi shahridagi xonadonlarda elektr energiyasidan foydalanishni o`rganish bo`yicha jalb qilingan Nishon tumani elektr tarmoqlari korxonasi xodimi B.G`ayimnazarov 2014 yil 16 yanvarda «hisoblagich o`zboshimchalik bilan almashtirilgan» deb dalolatnoma tuzadi. Yanada ajablanarli tomoni shundaki, ushbu dalolatnomaga R.Sa`dullaeva emas, uning 2006 yili vafot etgan otasi S.Turdiev ishtirok etdi, deb hatto marhumning imzosi ham qo`yilgan ekan.

Sud fuqarolik ishlari bo`yicha materiallarda to`plangan hujjatlarni o`rganib chiqib, dalillarga huquqiy baho berdi va iste`molchining talabini qisman qanoatlantirishni lozim topdi. Sud qaroriga ko`ra, Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining dalolatnoma tuzishdan iborat xatti-harakatlari g`ayriqonuniy deb topildi va dalolatnomaga asosan fuqaro R.Sa`dullaeva xonadoniga hisoblangan 1 mln. 669 ming 20 so`m qarzdorlikni undiruv ro`yxatidan chiqarish majburiyati yuklatildi.

Yulduz Teminova,

O`zbekiston iste`molchilar

huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasining

Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasi raisining Yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosari

    Boshqa yangiliklar