Qonun hujjatlari ta`sirini baholash tizimi portalida O`zbekiston Respublikasi hududida jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olishni amalga oshirish tartibi to`g`risidagi nizom loyihasi joylashtirildi, deb yozmoqda Norma.uz.
Eslatib o`tamiz, Prezidentning 6.02.2018 yildagi PQ-3509-son qarorida turistlar tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshirilishiga ruxsat etilgan, ro`yxati qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan hamda barcha turdagi suratga olishlar taqiqlanganligi haqidagi tegishli ko`rsatkichlar o`rnatilgan ob`ektlar bundan mustasno.
Loyihaga muvofiq ushbu ro`yxatlar Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu idoralar ro`yxatga kiritilgan ob`ektlarda foto va video suratga olish tartibini ham belgilaydilar. Manfaatdor organlar va tashkilotlarning buyurtmalariga ko`ra ro`yxatlar qayta ko`rib chiqiladi.
Bundan tashqari, er uchastkalari, binolar va inshootlar egalari o`zlariga tegishli bo`lgan ob`ektlarda foto va video suratga olish qoidalarini belgilashlari, apparatura va texnik vositalardan (chaqnoq yorug`lik asboblari, shtativ, yorug`lik soyabonlari) foydalanishga cheklov joriy qilishlari hamda foto va video suratga olishni amalga oshirganlik uchun to`lovni undirishlari mumkin bo`ladi.
Ob`ekt egalari belgilagan tartib buzilgan taqdirda, ular foto va video suratga olishni to`xtatishni, zarurat tug`ilganda foto va videofayllarni yo`q qilishni (qurilmaning xotirasidan o`chirishni) talab qilishga haqlidirlar.
Loyihada quyidagilarni foto va video qayd etish taqiqlanadi:
• xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harbiy xizmatchilari va xodimlarini, ularning roziligisiz;
• qurol-aslaha, harbiy texnika va harbiy-texnik mol-mulk, shuningdek Mudofaa vazirligi, IIV, FVV, MXX va Milliy gvardiya bo`linmalarining tezkor va jangovar xizmat faoliyatini;
• Davlat chegarasida o`rnatilgan chegara belgilari, muhandislik-texnika vositalari, binolar, inshootlar va boshqa ob`ektlarni, shuningdek chegara organi boshlig`ining ruxsatisiz chegaradosh davlatlar hududini;
• chet davlatlarning O`zbekistondagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari hamda xalqaro tashkilotlarning hududi, binolari va inshootlarini;
• belgilangan suratga olish rejimini buzgan holda ob`ektlarni.
Loyiha o`zgartirilishi, unga qo`shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.






