Prezidentning 14.02.2018 yildagi «Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to`g`risida»gi qarori imzolandi. Qaror matni O`zAda e`lon qilingan.
Toshkent shahri ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari zimmasiga 2 ta qo`shimcha vazifa yuklatildi:
- biriktirilgan hududda istiqomat qiluvchi shaxslarni o`rganish va kelgusida ularning har biriga g`ayriijtimoiy yoki boshqa huquqqa xilof xulq-atvor ehtimoli nuqtai nazaridan individual tashxis qo`yish hamda profilaktik ahamiyatga ega ta`sirchan choralarni ko`rish;
- mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilashning eng muhim omili sifatida biriktirilgan hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga ko`maklashish va aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta`minlashga yo`naltirilgan choralarni amalga oshirish.
Buning uchun Toshkent shahri ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari lavozim bo`yicha biriktirilgan hududdagi fuqarolar yig`ini kengashlari tarkibiga kiritiladi. Yangi tayinlangan Toshkent shahri profilaktika inspektorlarini esa mahalla fuqarolar yig`ini oldida tanishtirish majburiy tartibda tuman hokimi va prokurori, muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig`i tomonidan amalga oshiriladi.
Bu – muhim! Profilaktika inspektorlariga xizmat o`tash vaqtida agarda biriktirilgan hududda tezkor-profilaktik xizmat ko`rsatilmay qolishiga olib keladigan bo`lsa, hududni tashlab ketishga ruxsat berilmaydi.
Bunda Toshkent shahri ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining hududlararo rotasiyasi faqatgina ichki ishlar vazirining o`rinbosari – Toshkent shahar IIBB boshlig`i bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.






