Dunyoning nufuzli ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri bo`lgan Buyuk Britaniyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi O`zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirayotgani haqida maqola e`lon qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Ma`lumki, 2017 yilning dekabr oyida Toshkentga Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi va Toshkent islom universitetining Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi bilan istiqboldagi ilmiy hamkorlik aloqalari muhokama qilingan, tomonlar o`rtasida anglashuv memorandumi imzolangan edi.
Nashrda yozilishicha, Farhan Nizomiy O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan qabul qilingan. Oksford islom tadqiqotlari markazining ma`lum qilishicha, O`zbekistonga tashrif davomida erishilgan kelishuvlar natijasida ikki mamlakat tadqiqotchilari tomonidan dolzarb mavzularda ilmiy tadqiqotlar o`tkaziladi, mutaxassislar almashinuvi yo`lga qo`yiladi, xalqaro seminar va konferensiyalar o`tkaziladi, ilmiy adabiyotlar nashr etiladi.






