Qozog`istondagi fojiada halok bo`lgan o`zbekistonliklarning oilalariga moddiy ko`mak berish maqsadida tashkil qilingan xayriya aksiyasida jami 330 million so`mga yaqin mablag` yig`ildi. Bu haqda aksiya tashkilotchilaridan biri bloger Xushnudbek Xudayberdiev ma`lum qildi.
Yig`ilgan summa 52 ga teng taqsimlandi hamda har bir halok bo`lgan o`zbekistonlikning oilasiga 6 million 300 ming so`mdan ehson qilinadigan bo`ldi.
1-bosqichda Namangan viloyatidan halok bo`lgan 31 kishining oilalariga pullar taqsimlandi va erta-indin mazkur ehsonlar egalariga etkaziladi.
2-bosqichda PayPal hamda GoFundMe platformasi orqali tushgan pullar tashkilotchilar qo`liga etib kelgandan so`ng, qolganlarga ham etkazish chora-tadbirlari ko`riladi.
Bloger xayriya aksiyasini tashkil qilishda yaqindan yordam bergan barcha kishilarga, mahalliy hokimiyat vakillariga, «Aloqabank» mas`ullariga, loyihani qo`llab-quvvatlaganlarga hamda eng asosiysi ozmi-ko`pmi ehson qilgan saxovatpesha insonlarga cheksiz minnatdorlik bildirib qoldi.