Qarag`andadagi do`kon va bozorlarda "Qirg`izistonda ishlab chiqarilgan" yorlig`i bilan sotilayotgan bolalar kiyimlarida formaldegid moddasi borligi aniqlangan. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.
Jamoat sog`lig`ini saqlash departamenti mutaxassislari bolalar va o`smirlarga mo`ljallangan 62 kiyim namunasi tekshirish uchun olishdi.
Departament boshlig`i o`rinbosari Yuriy Zaliginning aytishicha, 40ta namunada nomuvofiqlik aniqlangan. Yana 17ta namunada formaldegid darajasi yuqoriligi ma`lum bo`ldi.
"Vahimaga hojat yo`q! Biz Qirg`izistondan keltirilgan hamma kiyimlar zaharli demoqchi emasmiz. Bu kiyimlar yirik fabrikalarda tikilgan deyishga asos yo`q. Ularda "Qirg`izistonda ishlab chiqarilgan" degan yorliq bor, lekin taxminimizcha, ular uy sharoitida tayyorlangan. Shu bois hozircha shoshilinch xulosa chiqara olmaymiz", — dedi Zaligin.
Uning so`zlariga ko`ra, tadbirkorlarga zudlik bilan talabga javob bermaydigan kiyimlarni sotuvdan olib qo`yish tavsiya etilgan.
"Sotuvchi mahsulotni yo`q qilishi yoki uni etkazib beruvchiga qaytarishi yoxud uning talabga javob berishi haqidagi hujjatni ko`rsatishi kerak. Rejadan tashqari tekshiruvlarda ushbu tavsiyalarning bajarilishi nazorat qilinadi", — dedi u.
Formaldegid zaharli moddasi bo`lgan kiyimlarning aksariyat qismi Olmaota va Bishkekdagi ulgurji bozorlardan keltirilgan.






