2 aprel kuni Qo`qon shahridagi Qo`qon–Toshkent avtobekati yaqinidagi avtokemping ustaxonasidan o`g`il bolaning jasadi topilgan, deb xabar beradi «Daryo» nashri. Farg`ona viloyati prokuraturasidan olingan ma`lumotga ko`ra, u 2015 yil 4 noyabrda tug`ilgan Firdavsbek Ibrohimjonov Iqboljon o`g`li bo`lgan.
Aniqlanishicha, u o`z onasi 1995 yil 3 sentyabrda tug`ilgan, Andijon viloyati Qo`rg`otepa tumani Ma`murobod qishlog`i Namuna ko`chasi 18-uyda istiqomat qiluvchi Saidaxon Tillavoldieva Murodjon qizi tomonidan bo`g`ib o`ldirilgan. Olib borilgan tezkor tergov-qidiruv ishlari natijasida qotil ona Toshkent shahrida qo`lga olingan.
Voqea tafsilotiga ko`ra, Saidaxon Tillavoldieva turmushidan ajrashib, ota uyida yashay boshlagan. Joriy yilning 23 mart kuni esa oilaviy nizo tufayli 3 yoshli o`g`li bilan ota uyini tark etib, vaqtincha ishlash maqsadida Toshkent shahriga boradi. Lekin farzandi bilan o`ziga mos ish topa olmaydi. 2 aprel kuni u farzandi Firdavsni vaqtincha qarab turishi uchun tanishi J.Uga qoldirish maqsadida Toshkentdan Uchko`prik tumaniga keladi. Tanishi J.Uni topa olmagach, yo`nalishli avtobusda Qo`qon shahriga kelib, Qo`qon–Toshkent avtobekati hududida o`g`lini bo`g`ib o`ldiradi va ishlash maqsadida yana Toshkent shahriga qaytadi.
Hozirda voqea yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.