Jinoyat ishlari bo`yicha O`rta Chirchiq tuman sudida 12 kunlik chaqaloqni 10 ming AQSh dollari evaziga sotmoqchi bo`lgan shaxslarning qilmishi bo`yicha ochiq sud majlisi o`tkazildi.
Unda viloyat va tuman ichki ishlar organlari mutasaddilari, mahalla fuqarolar yig`inlari raislari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Fuqaro G.Shermatova (ism-familiyalar o`zgartirilgan) 2018 yil 8 fevral kuni Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, unda bir guruh shaxslar noma`lum ayolning chaqalog`ini sotishni taklif qilgani yuzasidan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Mazkur arizaga asosan joriy yil 9 fevral kuni viloyat IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o`tkazildi. Ayblanuvchilar 1980 yilda Andijon viloyati Xo`jaobod tumanida tug`ilgan S.Rajabova 12 kunlik chaqalog`ini jinoiy sheriklari – Toshkent shahridan U.Xo`jaev, Sirdaryo viloyati Xovos tumanidan N.Sobirova bilan o`zaro oldindan jinoiy til biriktirib, O`rta Chirchiq tumanida noma`lum shaxsga 10 ming AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtida ushlandi. Pullar xolislar ishtirokida daliliy ashyo tariqasida rasmiylashtirildi.
– Odil sudlovni amalga oshirish, jinoyat sabablari, uning sodir etilishiga imkon bergan omillarga o`z vaqtida barham berish sudning asosiy vazifasidir, – deydi O`rta Chirchiq tuman sudining raisi X.Hotamov. – Bu kabi sud majlislarini o`tkazishdan ko`zlangan maqsad aybdorlarga faqat jazo tayinlash emas, balki sodir etilgan jinoiy qilmishning kelib chiqish sabablarini tahlil qilishdir. Aholi o`rtasida huquqiy targ`ibotni kuchaytirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda bunday tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.
O`zAning yozishicha, sud majlisida ish hujjatlari to`liq o`rganilib, guvohlar ko`rsatmalari tinglandi. Aybdorlar sodir etgan jinoyati bo`yicha qilmishiga iqror bo`ldi. Ularga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga binoan jazo tayinlandi. Mahalla faollari, huquq-tartibot idoralari vakillari ishtirokida joylarda bu kabi holatlarning oldini olish, bundan to`g`ri xulosa chiqarish bo`yicha ochiq muloqot o`tkazildi.
30.04.2018 19:56
12 kunlik chaqaloqni sotmoqchi bo`lgan shaxslarga hukm chiqarildi
