Andijon viloyati Oltinko`l tumanidagi Jalabek qishlog`ida yiliga 33 million juft tibbiyot qo`lqopi ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona ish boshladi.
Jumladan, Oltinko`l tumanidagi “Gold grawn farma” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tibbiyot qo`lqoplari ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi.
Umumiy qiymati 17 milliard so`mdan ortiq mazkur loyiha doirasida barpo etilgan korxona hududi 1,5 gektardan iborat. Qurilish-montaj ishlari uchun 7 milliard so`m mablag` sarflandi. Ilg`or texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu zamonaviy korxonada ishchi-xizmatchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Korxona hududi, atrofida katta xajmdagi obodolashtirish ishlari amalga oshirilgan.
Ayni paytga qadar yurtimizga jarrohlik qo`lqoplari asosan chetdan keltirilar edi. Zavodning ishga tushirilishi bilan ushbu vositaga bo`lgan ehtiyoj to`la qondiriladi. Bu erga xorijdan 1 million 200 ming dollarlik zamonaviy uskuna va texnologiyalar keltirib o`rnatildi.


"Korxonamizda yiliga 33 million juft sterillangan va sterillanmagan sifatli tibbiyot qo`lqoplari ishlab chiqariladi. Mahsulotimizni ichki bozordan tashqari qo`shni davlatlarga eksport qilish ham rejalashtirilgan", - deydi “Gold grawn farma” MChJ rahbari Rustam Haydarov.
O`zA xabariga ko`ra, Zavod ishga tushirilishi bilan 120 kishi doimiy ish o`rniga ega bo`ldi. Ularning 70 foizi xotin-qizlardir.






