AsosiyJamiyat

"Farhod" GESi tevaragidagi muammolar qanday yakun topdi?

'"Farhod" GESi tevaragidagi muammolar qanday yakun topdi? 'ning rasmi

Xabaringiz bor, yaqinda Tojikiston va O`zbekiston hukumatlari o`rtasida "Farhod" GESining maqomini belgilash bo`yicha ikki tomonlama kelishuv imzolandi. Mazkur kelishuvga ko`ra, "Farhod" GESi O`zbekiston Rekspublikasining mulki, u joylashgan hudud Tojikiston Respublikasi hududi sifatida tan olindi. Kelishuvga ko`ra, GESni qo`riqlash ishlarini Tojikiston tomoni, korxonaning texnik ta`minotini esa, O`zbekiston amalga oshiradi.

Markaziy osiyodagi eng katta GES

“O`zbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Farhod” GES Farhod suv ombori to`g`onida, Norin-Sirdaryo kaskadida bunyod etilgan bo`lib, suv omborining umumiy maydoni 48 kilometr-kvadrat, suv sig`imi 350 mln kubometrni tashkil etadi. GES “Farxodstroy” qurilish tashkiloti tomonidan sovet arxitektor Iosif Karakis etakchiligida qurilgan. Etti yil davom etgan qurilishda sovet ishchi-xizmatchilari bilan birga Ikkinchi jahon urushida asirga tushgan nemislar va yaponlar ham qatnashgan.

Stansiya qurilishi 1949 yilda to`la yakunlangan. 1959 yilda GESning ikki gidroagregati modernizasiya qilingan. Sovet davrida mazkur stansiya nafaqat O`zbekiston, balki mintaqadagi eng yiik gidroinshootlardan biri sifatida aholining elektr energiyasiga bo`lgan talabini qondirib keldi.

Biroq, o`tgan asrning so`nggi o`n yilida Sovet ittifoqining parchalanishi, qo`shni mamlakatning fuqarolar urushi girdobida qolishi yirik korxona taqdirini ham savol ostida qoldirgan edi. Qolaversa, ikki mamlakat o`rtasida ko`p yillar davom etgan noxush munosabatlar GESning barqaror va bexavotir ishlashiga halal berib keldi.

Muammo nimada?

Ma`lumki, bugungi kunda qo`shni davlatlar bilan munosabatlar yaxshilanib, aloqalar mustahkamlanib borayotir. Sir emas, uzoq yillar davomida qo`shni Tojikiston bilan munosabatlarimiz sovuqligicha qolib keldi. Bunga asosiy sabablardan biri aynan "Farhod" GESi joylashgan hudud bilan bog`liq edi.

Gap shundaki, 1933 yilda Tojikistonga tegishli bo`lgan bu hudud O`zbekistonga 40 yil muddatiga ijaraga berilgan. Biroq 1942 yilda yangi GES qurilishi munosabati bilan ikki ittifoqdosh davlatlar o`rtasida er uchastkalarini ayirboshlash bo`yicha kelishuvlar imzolangan edi. Shunga qaramay, ushbu er maydonining asosiy qismiga qo`shni davlat da`vogarlik qilib kelardi. Sir emas, 2002 yilda GES atrofidagi erlarning bir qismi tojik milisiyasi tomonidan qaytarib olingan edi.

Mazkur hudud bilan bog`liq muammo uzoq vaqt mobaynida ayrim noxush holatlarga ham sabab bo`lgan. Vaqt-vaqti bilan ba`zi GES xodimlari “Tojikiston hududiga noqonuniy kirish” ayblanib qo`lga ham olingan. Bu esa, vaziyatni yanada taranglashishiga sabab bo`lgan.

Keyingi yillarda ikki davlat rasmiylari o`rtasidagi muzokaralar mavjud “muzlar”ning erishiga yo`l ochdi. Jumladan, “Farhod” GESi bo`yicha ham yagona to`xtamga kelindi.

Bugun bu masala o`z echimini topdi. Noaniqliklar bartaraf etildi. Korxona o`z maqomini egalladi. O`zaro kelishuv ikki tomonlama hujjatlarda ham o`z aksini topdi.

Energiya muammolari echim topadimi?

“O`zbekgidroenergo” AJ ma`lumotlariga ko`ra, mamlakatimiz elektrostansiyalarida bir yilda ishlab chiqarilayotgan qariyb 60 milliard kilovatt soat miqdordagi elektr energiyasining 6,5 milliard kilovatt soati gidroelektrostansiyalar hissasiga to`g`ri keladi. Hozir bu ko`rsatkichni yanada oshirish orqali tabiiy, ekologik toza, arzon va qayta tiklanuvchi energiya manbaidan foydalanishni kengaytirish choralari ko`rilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoevning o`tgan yil 18 maydagi “O`zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to`g`risida” hamda 2 maydagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturi to`g`risida”gi farmoni tufayli gidroelektrostansiyalardan samarali va xavfsiz foydalanish, O`zbekistonda yagona gidroenergetika tizimini yaratishda yangi imkoniyat eshiklarini ochdi.

Mamlakatimizda gidroenergetikani rivojlantirishga izchil ravishda xorijiy investisiyalarni keng jalb etish orqali korxonalar va aholining elektr energiyasiga bo`lgan ehtiyojini to`liq qoplash choralari ko`rilmoqda. Shu maqsadda xorijlik hamkorlar bilan hamkorlikda o`nga yaqin loyihani amalga oshirish mo`ljallanmoqda, "Chorvoq" va "Farhod" GESlari modernizasiya qilinmoqda.

O`ylaymizki, mazkur yirik gidroinshoot tevaragidagi vaziyatning o`nglanishi, uning zamon talablari doirasida modernizasiya qilishi ayni paytda yurtimizdagi elektr energiyasi ta`minotini yaxshilashda muhim qadam bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar