Andijonlik 30 nafar urush qatnashchisiga Prezident nomidan bir martalik pul mukofoti hamda tilla suvi yurgizilgan soatlar tantanali ravishda topshirildi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Tadbir keng jamoatchilik vakillari, yoshlar hamda harbiy xizmatchilar ishtirokida o`tkazildi. Urush va mehnat faxriylariga bayramona dasturxon yozildi. Ularga hurmat va extirom ko`rsatildi. Tashrif buyurgan maktab va kollej o`quvchilari hamda faxriylar uchun qurol-aslaha va harbiy texnika ko`rgazmasi namoyish etildi. Shu bilan birga keksa avlod vakillari yoshlarga bosib o`tgan hayot yo`llari, turmush saboqlari hamda urush xotiralarini so`zlab berdi. Mustaqillik, tinchlik bebaho ne`mat ekanligi, uni asrab-avaylash va ona Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashash har bir insonning muqaddas burchi ekanligi ta`kidlandi.
"Bayramona tadbir yakunida Andijon garnizoni harbiy orkestri hamda el ardog`idagi xonandalar tomonidan konsert dasturi taqdim etildi. Tadbirda sovg`alarni Mudofaa vazirining o`rinbosari polkovnik A. Ikramov hamda Andijon viloyati hokimi Sh. Abdurahmonov topshirdi", - deyiladi xabarda.
