AsosiyJamiyat

Shomahmudovlar oilasi ko`rsatgan qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda

'Shomahmudovlar oilasi ko`rsatgan qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda'ning rasmi

Millionlab yurtdoshlarimiz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning "Istiqlol" maydoniga "Xalqlar do`stligi" nomining qaytarilishi va temirchi Sh.Shomahmudovlar oilasi haykalining o`z o`rniga o`rnatilishiga doir qarorini chuqur xursandchilik bilan qarshi oldi.

...1986 yilda agentlik topshirig`i bilan ushbu oila xonadonida bo`lganim, temirchining turmush o`rtog`i Bahri opa va uning farzandlari bilan uchrashganimni yaxshi eslayman. O`shanda men Shomahmudov oilasi o`z tarbiyasiga olgan sakkizinchi farzand haqida fotoocherk tayyorlagandim.

Kelib chiqishi ukrainalik, tarbiyasiga ko`ra o`zbek bo`lgan, besh yoshigacha Fyodor Kulchikovskiy (voyaga etguniga qadar uning ismi Yo`ldosh Shomahmudov edi) Dnepropetrovsk viloyati Vasilkovka tumani Pismennoe qishlog`idan o`z qadrdonlarini topdi. Qirq besh yillik ayriliqdan so`ng nafaqadagi Darya Alekseevna Kulchanovskayaga o`z nabirasi bilan qayta uchrashish baxti nasib etgandi. Shuncha yillar mobaynida u Fyodorning tirik ekanligiga ishonardi.

Bu haqiqatdan shov-shuvli xabar edi. Agentlikning o`sha paytdagi muharriri meni ushbu uchrashuv haqida ocherk tayyorlash uchun Ukrainaga jo`natdi.

... Fyodor bu uchrashuvni uzoq kutgandi. Ko`p joylarga yozib murojaat qildi, mehnat ta`tili paytlarida vaqtini arxivlarda o`tkazdi...

8.JPG

O`shanda Darya Alekseevna 104 yoshda edi. Etmish yashar qizi Vera Ivanovna bilan temir yo`l stansiyasiga yaqinroq erda joylashgan oddiy dehqon kulbasida yashardi. Har kun nabiram keldimikan, degan umidda bu erdan o`tgan temir g`ildiraklar tovushiga quloq tutardi.

Yoshi ulug` bo`lishiga qaramay u ancha tetik edi, xo`jalik yumushlarini bajarar va boshidan o`tgan qiyinchikliklar, ota-onasi, vafot etgan sakkiz nafar aka-singillarini yaxshi eslardi. Ertalabdan kechgacha boyning qo`lida ishlaganini, 15 yoshida uni turmushga berganlarini ham eslardi. U Ivan, Oksana va Vera ismli farzandlarni dunyoga keltirdi. Turmush o`rtog`i bilan bir tanu bir jon bo`lib inoq yashadilar, lekin baxtli kunlar uzoq davom etmadi. Turmush o`rtog`i fuqarolar urushida jarohat olib, vafot etdi va Darya Alekseevna qizlarini yolg`iz o`zi tarbiyaladi.

Oksana Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan avval Donbasslik konchiga turmushga chiqadi va Fyodorni dunyoga keltiradi. Darya Alekseevna qizining ko`zi yorganida uning boshida turgani, bolakayni tug`ilishi bilan o`zi qo`lga olgani, chaqaloqning ko`kragida qizil maydagina xoli borligini yaxshi xotirlaydi.

Fyodor 1,5 yoshga to`lganida onasi Oksana qora chechak kasalligidan vafot etadi. 1941 yilning iyul oyida esa otasi og`ir yuk ortayotib hayotdan ko`z yumadi.

Fyodor buvisi qo`lida tarbiyalana boshlaydi, aqlli va odobli bola bo`lib o`sadi. Okkupasiya xavfi yaqinlashib, qishloq kengashidan Fyodorlarnikiga kelishganida, Darya Alekseevna nevarasini evakuasiya qilishga rozilik bermaydi:

- Fedor oilamizda qolgan yolg`iz erkak, - deb javob beradi u.

Kengash a`zolari xonadonga yana bir bor kelib, "keyin o`ziningiz afsus qilasiz, Germaniyaga olib ketib qolishadi, qaddi-qomati kelishgan yigitcha bo`lsa...", deydi.

Bir necha kundan so`ng eshelon bolakayni olib, Sharqqa yo`l oladi. Shunday qilib, 1941 yilning iyulida 5 yashar Fyodor qadrdon uyini tark etadi.

Fyodor poyoni yo`q o`sha yo`lni, yo`lda fashistlar samolyotining ularning esheloniga bir necha bor hujum qilganini yaxshi eslaydi. Havo hujumlari boshlanganda yo`lovchilar har tarafga qochar, keyinchalik barchasi ham orqaga qaytib kelmasdi...

Yo`lda suv va havo etmay qoladi, bolalar vagonlarning metall qismlariga tushgan qirovga qarab nafas olar va undan tushgan suv tomchilarini ichardilar. Yo`l yakunida ocharchilik va sovuqdan nobud bo`lgan bolalarni vagonlardan qo`lda ko`tarib chiqishardi. Bir bolakay murg`akkina singilchasini quchoqlaganini, faqat Toshkentga etib kelgandagina u o`lgan ekanidan xabar topganini Fyodor yaxshi eslaydi...

Fyodorni Toshkentdagi 41-sonli bolalar uyiga joylashtirishadi. U bu erda hamyurti Sasha Bunin bilan do`stlashadi. Kunlarning birida Shoohmad Shomahmudov Sashani o`z oilasiga olib ketadi. Bir hafta o`tgach, u bolalar uyiga qaytib kelib, Sasha o`rtog`ini sog`inganini aytadi.

...1942 yil 2 sentyabr kuni Fyodor Shomahmudovlar xonadoni ostonasiga ilk qadam qo`yadi. Unga Yo`ldosh deb ism qo`yishadi, u oilada sakkizinchi farzand edi.

Poytaxtlik temirchi Shooahmad Shomahmudov va uning turmush o`rtog`i Bahri aya Akramovalarning o`z farzandi bo`lmagan, lekin ular butun mehrlarini o`z tarbiyasiga olgan o`n besh nafar bolakaylarga bag`ishlaydi. Bolalar orasida rus, tatar, ukrain, belarus, qozoq, o`zbek, chuvash va moldovan millatiga mansub bolalar bor edi.

Bolalar oilada u qadar to`kinchilikda bo`lmasada, biroq inoq yashardi. Temirchi va uning turmush o`rtog`i farzandlarini halol va mehnatsevar etib tarbiyaladi.

Urushdan so`ng, to`rt nafar bola o`z yaqinlarini topadi va o`z yurtiga qaytadi. Oilaning ikki nafar farzandi o`zbek millatiga mansub Muazzam va belarus Mixail bir-birlarini yoqtirib qolishadi va turmush qurishadi.

Fyodor sakkiz yillik o`rta ta`lim maktabini tugatib, Toshkent tog`-kon texnikumiga o`qishga kiradi va Qorag`andaga jo`nab ketadi. U erda Valentina ismli qizni uchratadi va ular oila qurishadi. 1966 yilgi zilziladan so`ng Toshkentga, ota-onasinikiga qaytadi. Hozir Fyodorning ikki nafar o`g`li va qizi bor.

...Darya Alekseevna urushdan so`ng ancha paytgacha nabirasini izlaydi. Ko`p joylarga yozib murojaat qiladi, lekin sa`y-harakatlari samara bermaydi. Darya Alekseevnaga eshelon Toshkentga ketganini xabar qilishadi, xolos.

Bu ishda Darya Alekseevnaga Vasilkovka tumani gazetasining shtatdan tashqari muxbiri Konstantin Iosifovich Salnichenko ko`maklashadi. U birinchi marta Darya Alekseevna xonadoniga buvi 101 yoshini qarshi olayotgan kuni tashrif buyurgan edi. Salnichenko Buxoroga, komsomol obkomiga xat jo`natadi.

Xatni G`ijduvon o`rta maktabining geografiya o`qituvchisi Erkin Latipov rahbarlik qilgan "Qidiruv" klubi iztoparlariga topshirishadi. Bolalar "Sovet O`zbekistoni" respublika gazetasida juda o`xshash familiyaga duch kelishgandi.

Urush Fyodorning familiyasiga o`zgartishlar kiritgan edi. Shoshilinchda hujjatlarda Kulchanovskiy familiyasi Kulchikovskiyga o`zgarib qolgan, Fyodor otasining ismi Grigorevich ham Vasilevich bo`lib xato qayd etilgan.

Salnichenkoga qidiruvlarga muhim hissa qo`shgan odam bilan ko`rishish nasib etmadi. U Fyodor va Darya Alekseevnaning uchrashuvidan bir necha oy oldin vafot etadi.

O`sha ilk uchrashuvda buvi va nabira tonggacha gaplashib o`tirishdi, Fyodor buvisining gaplarini ishtiyoq bilan tinglardi.

1941 yilda Pismennoe qishlog`ini nemislar bosib olishadi. To`rt nafar fashist Darya Alekseevna xonadonida yashaydi. Bosqinchilar partizanlardan qo`rqardi: ularning ikki nafari uyda uxlar, yana ikki nafari bog`da qo`riqchilik qilardi.

Haloskor armiya hududni ozod etmaguncha, bu yillar og`ir va mashaqqatli o`tgan.

Buvisi Fyodorga ko`p narsa haqida so`zlab berdi. Ardoqlab yuradigan qutidonidan qizi Oksananing yagona saqlab qolingan suratini chiqaradi. Kichkina, sarg`ayib ketgan fotosuratda Fyodor ko`zida yosh bilan onasining o`xshash chehrasini tomosha qildi.

Bu orada Fyodor buvisinikiga ikki marta kelib-ketdi. Darya Alekseevna evarasi Konstantinni ko`rib, juda quvondi, uni qattiq bag`riga bosdi.

1986 yilning sentyabr oyida Darya Alekseevna olamdan o`tadi, u umrining so`nggi daqiqalarigacha Fyodorni asrab olgan onasiga chuqur ta`zimda ekanini etkazishni so`ragan. Bahri opa bilan uchrasha olmaganidan afsuslangan.

Dunyoda hayotlik paytida ularga haykal qo`yilgan insonlar kamchilikni tashkil etadi. Poytaxtimizning ajoyib maydonlaridan biri - Xalqlar do`stligi maydonida ana shu oilaning haykali o`rnatildi.

Ushbu oilaviy portret bugungi va kelgusi avlodlarga oddiy temirchi va uning turmush o`rtog`ining qahramonona amalini eslatib turadi. Haykal rassom Dmitriy Borisovich Ryabichev tomonidan bunyod etilgan.

SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1955 yil 23 avgustdagi farmoni bilan Sh. Shomahmudov va B.Akramova yuksak dahldorlik hissi va vatanparvarligi uchun "Ehtirom nishoni" ("Znak pocheta") ordeni bilan taqdirlandi.

Shoahmad Shomahmudov 1969 yil 13 avgustda 82 yoshida hayotdan ko`z yumdi. Shoahmad Shomahmudov Bahri opadan o`n olti yosh katta bo`lsada, turmush o`rtog`i va farzandrlarini qattiq sevardi. Shoahmad Shomahmudov haqiqiy mehnatsevar inson edi, u bog`da qo`lida ketmon bilan ishlayotgan paytida olamdan o`tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta`kidlaganidek, vaqt o`tgan sari Shomahmudovlar oilasi ko`rsatgan qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda.

Rustam Shagaev (surat), O`zA

    Boshqa yangiliklar