4 may kuni Toshkent Islom instituti 1-kurs tolibasi Abdullaeva Fotima o`ttiz (30) pora Qur`oni karimni bir kunda, bir o`tirishda 10 soat mobaynida yoddan o`qib berdi. Bu haqda institut saytida xabar berildi.
Qur`oni karimni o`qish jarayonini “Tahfizul Qur`on” kafedrasi ustozlari hamda talaba qizlar kuzatib bordilar.
Abdullaeva Fotima ertalab soat 5 dan keyin Qur`oni karimni o`qib berishni boshlab, Asr namozida yakunladi. Toshkent Islom institutining o`qituvchisi Islomxon domla Ubaydullaev hatmi Qur`on duosini qilib berdi.
Abdullaeva Fotima 2017 yil sentyabr oyida 1-kursga o`qishga kirib, ustozi Zafar qori Mahmudovga Qur`oni karimni kuniga 1 juzdan yodlab topshirishni boshlagan. Qariyb 8 oy mobaynida Kalamullohni to`liq yod olib, mana bugun bir o`tirishda butun Qur`oni karimni ustozlari guvohligida o`qib topshirishga muvaffaq bo`ldi.
Eslatib o`tamiz, 2015 yilda Toshkent Islom instituti tarixida ayol-qizlar o`rtasida ilk bor Gulruh Kenjabek Qur`oni karimni bir kunda, bir o`tirishda 16 soat mobaynida to`liq o`qib bergan edi. Gulruh Kenjabek 2014 yil o`tkazilgan Respublika Qur`on musobaqasining hifz yo`nalishi g`olibasi hisoblanadi.






