"Ko`l ota" qishlog`idagi 40 ta qaynab turgan har bir buloqning o`ziga xos ta`mi bor

Moziydan sado 05.05.2018, 13:14
"Ko`l ota" qishlog`idagi 40 ta qaynab turgan har bir buloqning o`ziga xos ta`mi bor

Toshkent viloyatining Olmaliq shahridan 6 kilometrcha g`arbda "Ko`l ota" qishlog`i bor. Qishloqning yuqori tomonidagi tog` tagida 40 ta buloq qaynab turadi.

Suvlarining ta`mi har xil. Zamonaviy tibbiyot ularning turli dardlarga davo ekanini tasdiqlagan. Bu er hozirgi paytda ziyoratgohga aylangan. Har kuni mamlakatimiz va qo`shni respublikalardan yuzlab ziyoratchilar tashrif buyurishadi.

Mahalliy aholining hikoya qilishicha, azaldan bu erlar turli qazilma boyliklariga boyligi sabab ko`plab hukmdorlar ko`z tikkan. VIII asrlarda bu joylarda hukmronlik qilgan bir podshohning yolg`iz qizi bo`lgan. Bir kuni yov bostirib keladi. Podshoh lashkarlari bilan yovga qarshi chiqadi. Biroq dushman son-sanoqsiz edi. Engilishini sezgan podshoh qiziga chopar yuborib, yashirinishni amr etadi. Kanizaklari bilan qirq nafar bo`lib toqqa qochib ketayotgan shoh qizi dushman lashkarlariga duch keladi. Or-nomusini saqlab qolish uchun qizlar o`zlarini chuqurlikdagi ko`lga otib, o`zlarini halok etadilar.

Oradan yillar o`tib, ko`lning quyi qismida Ko`l ota qishlog`i vujudga keladi. Qishloq aholisi ko`paygan sayin suvga talab kuchayadi. Bora-bora ko`lning suvi kamlik qilib qoladi. Ular ko`l ko`zini ochganiga qaramay suv sathi yildan-yilga pasayib boraveradi. Oradan yuz yillar o`tib, ko`lning o`rnida buloqlar hosil bo`ladi. Mahalliy aholi bu erga kelib, buloqlarni sanab ko`rishsa, jami qirqta ekan. Shunda ular ota-bobolari aytgan hikoyani, ya`ni ko`lga o`zlarini tashlab, halok bo`lgan qirq qiz rivoyatini eslashadi va unga “Qirqqiz buloq” deya nom berishadi.

Qirqqiz rivoyati nomi bilan bog`liq bunday ziyoratgohlar Farg`ona viloyatining So`x, Farg`ona, Beshariq, Oltiariq tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Termiz, Sariosiyo, Boysun tumanlarida, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasida ham mavjud.

Sitora Valiqulova, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1