Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida 9 may — Xotira va qadrlash kuniga bag`ishlangan Bolalar harbiy paradi bo`lib o`tdi, deb xabar qilmoqda IIBB matbuot xizmati.
Bolalar paradida kuch ishlatish tizimlari tasarrufida bo`lgan 500ga yaqin maktab va lisey o`quvchilari ishtirok etishdi. Xususan IIV 1 son akademik liseyi o`quvchilari, "Temurbeklar maktabi", "Jar" SSM qoshidagi maxsus maktab-internati hamda boshqa qator ta`lim muassasalari o`quvchilari tantanali saf tortib o`tdilar.
Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu bayram tadbiri yosh o`g`il-qizlar qalbida vatanparvarlik tuyg`usining yana mustahkamlashni maqsad qilgan. Paradda dastlab, harbiy orkestr sadolari ostida, O`zbekiston bayrog`i olib o`tildi, so`ng O`zbekiston madhiyasi yangradi.
Tadbirda Toshkent shahar hokimi J. Ortiqxo`jaev, O`zbekiston Respublikasi Ichiki ishlar vaziri o`rinbosari — Toshkent shahar IIBB boshlig`i R.Jo`raev, "Nuroniy" jamg`armasi Toshkent shahar bo`limi raisi R.Kolonov va boshqalar so`zga chiqib, urush faxriylarini 9 may — Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklab ularga sog`lik va uzoq umr tiladilar.
O`zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi vakillari ijrosidagi harbiy vatanparvarlikka oid she`r va qo`shiqlari ijro etildi.










