1

Shifo topgan dil

Mutolaa 06.05.2018, 19:04
Shifo topgan dil

Umid qilib uch yil kutgan farzandlari uch yoshga to`lganida, shifokorlar dahshatli xabarni aytishdi.

– Bolada yurak nuqsoni bor. Hayoti qil ustida turibdi. Juda ehtiyot qilishingiz kerak. O`n yoshidan boshlab operasiya qilish mumkin. Bu operasiyalar hozircha bizda o`tkazilmaydi. Germaniyadagi shifokorlargina bu ishning uddasidan chiqishadi…

Er-xotin tikanlarni bosib kelgandek uyga etib kelishdi. O`g`illari mo`ltirab qarab turardi. Shundan so`ng otasi, avval e`tibor bermagan bir jihatni o`zi uchun kashf etdi. Og`ir dardga chalingan bolalarning ko`zlarida, ular xuddi o`z taqdirlaridan boxabardek ajib bir mung bo`larkan.

Bu yurakni ezguvchi nigohlarni nafaqat o`z o`g`lida, balki shifoxonada shu singari dardlar bilan og`rigan boshqa bolakaylaru qizaloqlarda ham ko`rdi. Oila ustuni o`g`li bilan xotinining oldida o`zini tutsa-da, chetga chiqib o`kirib-o`kirib yig`ladi. Keyin oldiga qat`iy maqsad qo`ydi. Qanday bo`lmasin, o`g`lining hayotini saqlab qoladi! O`zi bir burda nonga zor bo`lsa ham mayli, shugina bolasi sog`-salomat bo`lsa bas. Bolasi bu dardi uchun xijolat bo`lgandek, qop-qora ko`zlarini javdiratib turardi.

Xotini o`g`liga qarash uchun ishidan bo`shadi. Endi bu tashvish ustiga ro`zg`orning butun kamchiligi ham erkakning bo`yniga tushdi.

Bolaning dardi bilan olishib yillar o`taverdi. O`n yoshigacha to`planishi kerak bo`lgan zarur mablag` ularning oilasidan uzoqlashsa uzoqlashdiki, yaqinlashmadi. Muddat etib kelganida bola ham hamma narsani tushunib qolgandi. Yoshiga nisbatan ancha kattalarning gapini gapirdi va otasining yurak bag`rini o`rtab yubordi:

– Mening dardimni o`ylamang dada, peshonamda borini ko`raman...

Yana bir chetga o`tib butun vujudi to`kilib yig`ladi. Yuragidagi dardi uchun xotini, faqatgina bitta farzand bilan kifoyalangandi. Endi shu yolg`iz farzandning beholgina urib turgan yuragi ham, har daqiqani sanab turibdi…

Oxiri bir qarorga keldi. O`g`lining hayotini saqlab qola olmaydigan bo`lsa, bu uyning nima keragi bor?! Farzandi sog`ayib ketsa, bunday xonadonlarning bir nechtasini sovg`a qiladi.

Mo`ljallaridan arzonroqqa oluvchi, lekin operasiya uchun etadigan pulni beruvchi xaridor topildi. Pul olindi-yu, uchovlashib xorijga jo`nashdi.

* * *

Nemis shifokorlari haqiqatdan ham mo``jiza yaratishdi. Qadamini arang bosayotgan bolakay yillar o`tib ovozi do`rillagan, chiroyli qizlarni ko`rsa nuqsonni ortda qoldirib, baquvvatlashib qolgan yuragi dukillab ketadigan yigitchaga aylandi. Yigitcha ko`ksidagi og`riqni unutgan, lekin ota-onasining dardning taftini pasaytirish uchun erkalashlarini yaxshi eslab qolgandi. Onasiga uning kamchiliklari ko`rinmadi, dadasi yuragidagi nuqsonlarini yo`qotib, hayotga qaytgan nuridiydasining keyin orttirgan barcha nuqsonlariga ko`z yumdi.

Yigitcha yigit bo`ldi. Kunlarning birida og`zidan aroq bo`lmasa-da, allaqanday ichimlikning badbo`y hidini taratib kirib keldi.

– Dada shuyam hayotmi, birimiz hech ikki bo`ladimi? Sevgan qizimning oldida qachongacha tilim qisilib yuradi?! Bilasizmi, u kimning qizi, qanaqa mashina minib yurishini tasavvur ham qilolmaysiz. Yo men ham xorijdagi yoshlar singari shartta ko`chaga surib, o`z aravamni o`zim tortaymi? Baxtimni o`zim qidiraymi?

– Unaqa dema o`g`lim. Xudoga shukr, qora qozon qaynab turibdi…

– E bu qora qozoningizga qachongacha tikilaman? Men ketdim, o`z kunimni o`zim ko`raman.

Ona o`g`lining oyog`iga yiqilib yolvordi, otasi tushuntirishga harakat qildi. Lekin yigit o`z rejasini tuzib bo`lgandi.

Ko`p qavatli uyning zinasidan tushganida, xorij mashinasi kelib to`xtadi. Eshikni ochib o`tirdi. Mashinani chiyillatib o`rnidan qo`zg`atgan qiz og`zida tutatayotgan sigaretini yigitga uzatdi va so`radi:

– Nima deyishdi?

– Nima ham deyishardi?..

– Bo`lmasa erkin hayot sari olg`a!

* * *

Boshlarini changallab turgan ota-onani shu kuni ikkinchi zarba ham kutib turardi.

Eshik taqilladi. Ichkariga bemalol kirib kelgan odam shunday dedi:

– Uyni sotadigan bo`lib qoldik. Shuning uchun bir hafta ichida bo`shatib qo`yinglar. Sizlardan olayotgan ijara pulim urvoq ham bo`lmasdi, haliyam shuncha qo`yib berdim…

Abror Zohidov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1