Joriy yilning 6-may kuni O`zbekiston hamda Turkiyada tahsil olayotgan O`zbekiston yoshlari o`rtasidagi «Do`stlik loyihasi» doirasida O`zbekiston yoshlar umujahon assosiasiyasining Turkiyadagi vakilini saylash hamda O`zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi mas`ul xodimlari, shuningdek, Turkiyada tahsil olayotgan o`zbekistonlik talaba-yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuv doirasida O`zbekiston Yoshlar umujahon assosiasiyasining raisi Murodilla Alimbaev, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv Akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori Aktam Jalilov hamda Turkiyada magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar, yosh olimlar ishtirok etdilar.

Ushbu yig`ilishda O`zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi vakillari so`zga chiqib, ikki davlat o`rtasidagi iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy va ta`lim sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko`tarilganligini, xususan, O`zbekiston va Turkiya davlatlari rahbarlari o`rtasidagi muzokaralar hamda kelishuvlar to`g`risida alohida to`xtalib o`tdi. Yig`ilish so`ngida O`zbekiston Yoshlar umumjahon assosiasiyasining Turkiyadagi vakili etib Ergash Jumaev saylandi. Ergash Jumaev bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, Turkiyadagi O`zbekiston yoshlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga hamda ularning o`z mutaxassisliklari bo`yicha zarur ko`nikmalarni egallashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilishida ko`maklashishga harakat qilishini ta`kidlab o`tdi.

Kun tartibidan O`zbekistonlik yoshlar uchun maxsus o`quv-seminarlar tashkil etilib, mazkur seminarlar ta`sirchanligi va samaradorligini oshirish maqsadida 3 ta yo`nalish bo`yicha olib borildi. Birinchi yo`nalish, «Tadbirkorlik va tadbirkorlikda muvaffaqiyat» mavzusida bo`lib, uni professor Ramazan Aktash olib bordi. Ma`ruza davomida Turkiyaning bugungi kundagi iqtisodiy holati, uning xorijiy mamlakatlar xususan, O`zbekiston bilan xalqaro iqtisodiy munosabatlari alohida yoritib berildi. Jumladan, Turkiyada hozirgi kunda 3600000dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari mavjud bo`lsa, ularning 99 foizdan ortig`ini kichik va o`rta hajmdagi ishlab chiqarish (COBE) tashkil etishi to`g`risida ma`lumot berildi.

Rivojlangan mamlakatlarda tadbirkorlik uchun eng muhim jihat sifatida, birinchidan, ish g`oya, ikkinchidan, sarmoya hamda uchinchidan, network (aloqa) ekanligi aniq misollar asosida tushuntirib berildi. Ikkinchi yunalish, «Ommaviy axborot axloqi va ijtimoiy axborot» mavzusida tashkil etilib, uni «Anadolu» agentligidan taklif etilgan mutaxassislar olib bordilar. Mazkur seminar davomida maxsus tayyorlangan taqdimot materiallari audio, video va vizual ko`rinishdagi tarqatma materiallar yordamida rivojlangan mamlakatlardagi ommaviy axborot axloqining muhim jihatlari yoritib berildi.

Ijtimoiy axborot almashinuvi sohasida ommaviy axborot vositalari xususan, televidenie hamda internet tarmog`i muhim ahamiyat kasb etishi va bunda axborot xavfsizligi hamda uning shaffofligiga alohida e`tibor qaratish lozimligi ta`kidlab o`tildi. Uchinchi yo`nalish, «Muhandislikda ish sohasini rivojlantirish. Xorijdan imtiyozlar. Texnik loyiha» mavzusida bo`lib, mazkur mavzu ko`pchilik tinglovchilarda katta qiziqish uyg`otdi. Bugungi kunda muhandislikda sohasini rivojlantirish, xususan har bir yo`nalish bo`yicha innovasion texnologiyalarni joriy etish va bu boradagi ishlarni rivojlantirishda xorijiy investisiyalarni jalb etish masalasi AQSh, Yaponiya, Germaniya hamda Fransiya kabi rivojlangan mamlakatlar misolida tushuntirib berildi. Ayniqsa, texnik loyiha va uning modellashtirish tartibi o`zbekistonlik yoshlarda katta qiziqish uyg`otdi.

Barcha yo`nalishlar bo`yicha tashkil etilgan seminarlar so`ngida qiziqarli savol-javoblar, muzokaralar, bahs va munozaralar yoshlarning mavzularga bo`lgan qiziqishi ortishiga sabab bo`ldi.
Kun davomida Istanbul shahrining diqqatga sazovor joylariga tashriflar tashkil etilib, turli madaniy tadbirlar ham uyushtirildi.






