AsosiyJamiyat

Muhammad Porso Buxoriyning yo`qolgan xazinasi Parijdan topildi

'Muhammad Porso Buxoriyning yo`qolgan xazinasi Parijdan topildi'ning rasmi

O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi vakillaridan iborat delegasiya Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazida uchrashuv o`tkazdi.

Yig`ilishda Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazi direktori Fransua Jozef Ruji, Eron va hind bo`limi boshlig`i Mariya Shuppe, xalqaro aloqalar bo`limi mas`ul xodimi Diana Brami, olimlar Stefan Duduanyon va Jyulen Toreslar ishtirok etdi.

Qayd etish kerakki, 1939 yilda asos solingan Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazi ilm-fan sohasida dunyoning eng etakchi muassasalaridan biri hisoblanadi. Markazda faoliyat ko`rsatgan 15 nafar olim jahonning eng nufuzli mukofoti – Nobel sovrindori bo`lgan.

Fransiyalik hamkorlarga O`zbekistonda islom ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo`shgan buyuk alloma ajdodlarimiz merosini o`rganish, dunyo qo`lyozma fondlarida saqlanayotgan nodir asarlarini jamlash, kataloglashtirish va tarjima qilish yo`nalishidagi ishlar haqida batafsil ma`lumot berildi. Ushbu maqsadda tashkil etilgan O`zbekistondagi yangi markazlar bilan xalqaro darajadagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Ta`kidlash kerakki, sharqshunoslik sohasida, qo`lyozmalarni tadqiq etish borasida Fransiya ko`p yillik boy tajribaga ega. Jan Pol Ru, Edgar Bloshe, Terri Zarkon, Bake Grammon, Maksim Rodinson, Lyusen Keren kabi sharqshunos olimlarning ilmiy tadqiqotlari, kitob va maqolalari butun dunyoga ma`lumu mashhur.

Fransua Jozef Ruji o`zbekistonlik islomshunos va sharqshunos olimlar tomonidan Movarounnahr ulamolari va mutafakkirlarining ilmiy merosini o`rganish bo`yicha so`nggi yillarda erishilgan natijalarning ahamiyatini alohida qayd etdi. “Fransiyada o`zbek sharqshunoslarining ilmiy ishlari yuksak qadrlanadi. Biz hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, mutaxassislar almashinuvini yo`lga qo`yishdan manfaatdormiz”, - deydi Fransua Jozef Ruji.

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Bahouddin Naqshbandning eng yaqin shogirdi Muhammad Porso Buxoriy naqshbandiylik tariqatining ilmiy ta`limot sifatida shakllanishiga katta hissa qo`shgan. Qadimgi Buxoroning Quyi dehqon mavzesida “Dorul fuqaho” deb nomlangan katta kutubxona faoliyat yuritgan bo`lib, bu erda Qur`on, hadis, fiqh va tasavvufga oid minglab nodir manbalar saqlangan. Kutubxonaga o`z davrida Muhammad Porso Buxoriy rahbarlik qilgan. Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligining so`nggi yillarida Porso kutubxonasidagi bebaho kitoblar talon-taroj qilingan. Bugungi kungacha ushbu noyob xazinaning taqdiri noma`lumligicha qolmoqda. Mutaxassislarning qayd etishicha, dunyo qo`lyozma fondlarida Porso kutubxonasining muhri bosilgan 144 ta manba aniqlangan. O`zbekiston delegasiyasining Fransiyaga tashrifi davomida ushbu kitoblarning 6 tasi Fransiya milliy kutubxonasida saqlanayotgani ma`lum bo`ldi.

Muzokaralarda o`zbekistonlik tadqiqotchilarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularning xalqaro darajadagi faoliyatini qo`llab-quvvatlash bo`yicha manfaatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, yaqin yillarda Fransiya ilmiy tadqiqotlar milliy markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi hamkorlikda Muhammad Porso Buxoriy kutubxonasida saqlangan va hozirda Toshkent, Buxoro, Sankt-Peterburg, Parij qo`lyozma fondlarida saqlanayotgan qo`lyozmalar katalogi yaratilib, mashhur “Catalogorum” turkumida chop etiladi. Shuningdek, o`zbek tadqiqotchilarining ilmiy ishlariga Fransiyalik sharqshunos olimlar, fransiyaliklarga esa mamlakatimizning taniqli islomshunos olimlari ilmiy rahbarlik qiladi.

    Boshqa yangiliklar