1

Makkai mukarramaning XII asrga tegishli hujjatlari — O`zbekistonda

Moziydan sado 07.05.2018, 17:44
Makkai mukarramaning XII asrga tegishli hujjatlari — O`zbekistonda

Ana shu ma`lumotni aniqlashtirish va unga tegishli hujjatlar tafsilotini bilish uchun O`zA muxbiri O`zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivida bo`lib, katta ilmiy xodim, dinshunos, islomshunos Dilshod Vahobov bilan suhbatlashdi.

— Makkaning XII asrga tegishli hujjatlari bu erda saqlanayotgani rostmi?

— Mazkur hujjatning ikki qismi 1300 hijriy yilda Tataristonning Qozon bosmaxonasida bosmadan chiqqani haqida ma`lumot bor, – deydi D.Vahobov. – Yana bir qismi qo`lda chizilgan. U XII asrga tegishli bo`lib, Makkani tasviri aks ettirilgan. Unda hojilarning borishi kerak bo`lgan ziyorat joylari, dam olish xonalari va qanaqa amallarni bajarishlari ko`rsatilgan. Bu chizma chizilgan qog`oz sifati juda yuqori bo`lib, o`sha davrlarda hajga boruvchilarga qo`llanma bo`lgan.

— Hujjatning bosmaxonadan chiqqan qismida nima izohlangan?

— Ular 1280 hijriy yilga talluqli bo`lib, unda Hakimxo`ja Eshonxo`ja o`g`li va Muhiddinxon Xudoyberdi o`g`liga tegishli muhrlar qo`yilgan. Bu ularning o`sha davrda hajga borib, hoji bo`lib kelganini tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi. Ulardan biriga o`nta yana biriga sakkizta muhr qo`yilgan. Bu nomi yuqorida keltirilgan shaxsning hajga kelib, ziyoratning barcha amallarni bajargani haqida arab tilida yozilib, muhrlar bilan tasdiqlangan. Eng birinchi muhr Makka imom xatibi Saidmuhammad Solihga tegishli ekani belgilab qo`yilgan. Keyin muazzin va ma`sullar o`z belgisini qo`ygan.

— Bu hujjatlar shu vaqtga qadar qanday tartibda saqlab kelingan?

— Buxoro xonligi davrida hajga borib kelgani haqidagi hujjatlar hojilarning o`zida saqlangan. Chor Rossiyasi Turkistonga kirib olgandan keyin, yurtimizning boy tarixi talon-toroj qilinib, barcha hujjatlar yig`ilib, olib ketilgan.

Ular arab va fors yozuvida bitilgan bu hujjatlarni o`qiy olmagan. Ularda muhim ma`lumotlar aks ettirilgan degan fikrda uzoq ushlab turishgan. Sharqshunos mutaxassislar bu hujjatlarni u qadar muhim, siyosiy ahamiyatga ega emasligini o`rganib chiqqandan keyin O`zbekistonga qaytarib yuborilgan. 1976 yilda O`zbekistonga bir qator arxiv hujjatlari qatorida bu ma`lumotlar ham qaytib kelgan.

Qayd etish keraki, arxivda xalqimiz o`tmishiga tegishli arab, fors va lotin alifbosida yozilgan hujjatlar shu qadar ko`pki, ular ro`yxatga olingan bo`lsa-da, olimlar yoki sharqshunoslar tomonidan hanuz to`liq o`rganib chiqilmagan. Arxiv sirlari qachon to`liq ochilishi esa noma`lum. Buning uchun malakali kadrlar etishmayotgani kunday ravshan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1