Bir necha o`n yillik sog`lom va shahrimizni chiroyiga chiroy bag`ishlab turgan daraxtlarning ayovsiz kesib tashlanayotganligiga keskin barham berish maqsadida, mas`ul boshqarma va tashkilotlar Toshkent shahar hokimligi tomonidan qattiq ogohlantiriladi. Javobgarlikkacha tortish choralari ko`riladi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimi poytaxtimiz aholisiga ushbu tartibsizliklarga uch kun ichida barham berilishi va bunday noqonuniy harakatlarga chek qo`yilishini shaxsan o`zi nazoratga olishini bildirdi.
"Biror joyda daraxt kesilayotganda befarq bo`lmagan shahrimiz aholisi buning oldini olish maqsadida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi ishonch telefoniga 277-75-43 yoki Ichki ishlar idoralariga 233-72-33 qo`ng`iroq qilishlarini so`raymiz!
Bu bilan siz xalqimizga tegishli bo`lgan boylikni talon-taroj qilinishini oldini olgan bo`lasiz! Hurmatli hamshaharlar Toshkent shahar hokimligi sizlarni ushbu ishlarda faol bo`lishingizni so`raydi", - deyilgan xabarda.






