“Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek Diana ma`budin yoqmoq shart emas.
Ko`plarning baxtiga o`zlikni jamlab shu ulug` binoga bir g`isht qo`ysak bas”...
1941 yilning 22 iyun tonggida xalqimizning tinch hayoti izdan chiqdi. O`sha kuni ko`chalarga o`rnatilgan radiokarnaylar “Urush boshlandi”, degan sovuq va dahshatli xabarni tarqatdi. Urushning og`ir davri boshlandi. Qayg`u-alam, ayriliq, judolik hech bir uyni chetlab o`tmadi.
Urushdan oldin O`zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo`lsa, shundan 1,5 milliondan ko`prog`i janglarda qatnashgan. O`sha yovuz urushda 500 mingga yaqin yurtdoshlarimiz halok bo`ldi, qancha odam bedarak ketgan, qancha-qancha insonlar mayib-majruh bo`lib qaytgan. Bu raqamlar xalqimizning fashizm ustidan g`alaba qozonishga qanday ulkan hissa qo`shganini ko`rsatadi va buni birortamiz ham esimizdan chiqarmasligimiz darkor. Urushda halok bo`lganlar bundan keyin o`z uyini, qarindosh-urug`larini ko`rmasliklarini bilgan holda janga kirishdi. Ular o`z yaqinlari tinchlikda yashashini istagan holda qahramonliklar ko`rsatishganiga shubha yo`q.
Fashizmga qarshi kurash nafaqat frontda, balki front ortida ham olib borildi. O`zbek xalqi ham urush yillarida issiq-sovuqqa, och-naxorlikka qaramay qahramonliklar ko`rsatdi. Bugungi kunda nafaqat qo`lda qurol olib jangga kirgan, balki “hamma narsa front uchun, hamma narsa g`alaba uchun” deya dalada, zavod-fabrikalarda kechayu kunduz mehnat qilgan ota-bobolarimizni, onalarimizni aslo unutishga haqqimiz yo`q. Bugungi kunda osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch bo`lishida ularning ham munosib hissasi bor. Ularning xotirasi oldida ta`zim qilgan holda, tiriklarni qadrlaymiz.
Urush – bu o`lim, qon, ocharchilik, vayronagarchilik, kasallik, bolalar, ayollar ko`z yoshi demakdir. Urushning eng jiddiy talofati – bu insonlarning halok bo`lishidir.
Bugun er sharining turli burchaklarida kuzatilayotgan qirg`in-barot, qurolli to`qnashuvlarni kuzatar ekansiz, tinchlik zamonamizning eng dolzarb muammolaridan biri bo`lib qolayotganini anglaymiz. Jahonning turli mintaqa va hududlarida qarama-qarshilik va ziddiyatlar, qonli mojarolar, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda, fashizm degan balo yana bosh ko`tarmoqda, millatchilik, shovinizm singari ofatlar maydonga chiqmoqda.
Bundan 73 yil muqaddam insoniyat tarixida eng dahshatli deya tan olingan urush nihoyasiga etgan edi. Shundan keyin jahonda tinchlik davri boshlanganiga hamma umid qilgandi. O`tgan asrning 70 yillarida, endilikda katta davlatlar o`rtasida urush hech qachon yuz bermasligi haqida baralla aytila boshlandi. Biroq XX asr oxiri, XXI asr boshlaridagi o`zaro nizolar katta urushlardan kam emasligini ko`rsatmoqda. XX asr urushlari global miqyosdagi qurolli to`qnashuv bo`lgan edi. Bu urushlarda barcha yirik davlatlar qatnashgan. Bugungi kunda biror bir davlatni to`laligicha xavfsizligi ta`minlangan, deb bo`lmay qoldi. Ko`rinib turgan mana shu oddiy haqiqatni anglamayotganlar borligiga hayron qolasan. 21-asrdagi urushlar va qurolli majorolarning bosh sababi o`zaro qarama-qarshiliklar ekani aytiladi.
21-asr – urush va zo`ravonliklardan holi asr bo`lishi kerak. Buning uchun har bir inson buzg`unchilik bilan emas, balki bunyodkorlik bilan shug`ullanishi kerak. Biz er shari deb atalmish katta oilada tinchlik-xotirjamlikda yashashni o`z oldimizga maqsad qilib qo`ygan ekanmiz, har qanday urushlarga qarshi chiqishimiz kerak.
Dunyoda globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechmoqda. Jahonning ko`plab mamlakatlarida yoshlar turli illat va tahdidlar, ijtimoiy saytlarda targ`ib etilayotgan buzg`unchi g`oyalar ta`siriga tushib qolmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, terrorizm bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Yaqin Sharq mamlakatlarida bolalar ko`p hollarda kattalarning vazifasini o`z zimmasiga olmoqda. Ko`p holatlarda bolalar “qonli teatr”ning tomoshabini emas, balki ishtirokchisiga aylanib qolmoqda.
Bugungi urushlar nafaqat jinoiy nuqtai nazardan, balki axloqiy jihatdan ham jirkanch tusga kirib borayotgani oydinlashmoqda.
Jahonda davom etayotgan qurolli to`qnashuvlar nafaqat urush davom etayotgan mamlakatlar, balki butun dunyo xalqlarining tashvishiga sabab bo`lmoqda. Bugungi kunda davlatlar o`rtasida keng qamrovli yadro urushi kelib chiqmasligi aniq. Ammo bir qator davlatlarning yadro qurollariga bo`lgan intilishlarini nima bilan oqlash mumkin? Dunyo shundoq ham poroxli bochka ustida turgan bo`lsa, yana qo`shimcha poroxli bochkaning kimga keragi bor? Tahlikali dunyoda yadro qurollarining terrorchilar qo`liga tushib qolmasligiga hech kim kafolat beraolmasa kerak?!
21-asrda yirik urushlardan ko`ra, ko`proq millatlararo to`qnashuvlar kuzatilmoqda. Ekspertlarning fikricha, Afrika mamlakatlarida millatlararo, irqlaroro majorolarning davom etishi glabal dunyoning global muammolaridan hisoblanadi. Ekstremistlarning faolashib qolayotgani ham xavotirlarga sabab bo`lmoqda.
So`nggi paytlarda Evropa mamlakatlarida o`zini o`limga mahkum qilganlar tomonidan terror hodisalari sodir etilmoqda. Bir qator tahlilchilar “bir kishidan iborat armiya” paydo bo`lganidan ogohlantirmoqda. Terrorizmning yangi ko`rinishi paydo bo`ldi. Avvallari portlovchi moslamalardan keng foydalanilgan bo`lsa, endilikda terrorchilar yuk mashinalaridan foydalanishmoqda. Terrorchilikning yangi ko`rinishida ortiqcha kuch sarflanmaydi. Bu kabi terror hodisalari ko`proq jamiyatning ruxiyatiga ta`sir ko`rsatadi. Ma`lumki, yakka terrorchilar tomonidan sodir etilgan hodisalar uchun hukumat javob choralarini ko`ra olmaydi. Terror so`zining ma`nosi ham “qo`rquv tug`dirmoq” degan ma`noni anglatadi. Jamiyatda qo`rquv va vahima tug`ildimi, bu terrorchilar o`z maqsadlariga etganidan dalolatdir. Haqiqatan ham OAV terror hodisalarini keng yoritar ekan, bundan terrorchilar bir qop semirishi aniq. Tahlilchilarning fikricha, xudkush terrorchilar nima uchun hayotlarini qurbon qilayotganlarini bilishmaydi. Ular yolg`onning qurboniga aylanishgan. Evropadagi terror hodisalari odamlarni doimiy ravishda taxlikada ushlab turishni maqsad qilib olgan.
Eramizdan avvalgi 356 yilda Gresiyaning Efes shahrida Gerostrat degan odam o`z nomini tarixda qoldirmoq maqsada o`sha vaqtdagi dunyoning etti mo``jizasidan uchinchisi bo`lmish ma`buda Artemida ibodatxonasiga o`t qo`yadi. Tarixchilarning yozishicha, u so`roq vaqtida avlodlar o`z nomini eslashlari uchun bu ishni qilganini tan oladi. Gerostrat yoshlik chog`idanoq shuhrat qozonishni hohlardi. U bu orzuiga asta-sekinlik bilan emas, balki bir zumda etishishni istab qoldi. Qadimiy yunon tarixchisi Feopomp Gerostratning yovuzligi haqida yozib qoldirgani uchun bu nom qabihlik, shuxratparastlik, sharmandalik namunasi sifatida tilga olinadi.
Bugungi kunda terrorchilik hodisalarini uyushtirayotganlarni ham bemalol shuhratparast Gerostrat avlodlari deb atash mumkin. Chunki, Gerostrat tarixdagi birinchi va oxirgi Gerostrat emasligi aniq. Shu o`rinda buyuk shoirimizning “Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek Diana ma`budin yoqmoq shart emas. Ko`plarning baxtiga o`zlikni jamlab shu ulug` binoga bir g`isht qo`ysak bas”, degan satrlarni eslatib o`tish o`rinli, deb o`ylaymiz.
Bugun er sharining turli burchaklarida kuzatilayotgan qirg`in-barot, qurolli to`qnashuvlarni kuzatar ekansiz, tinchlik zamonamizning eng dolzarb muammolaridan biri bo`lib qolayotganini anglaymiz. Ona sayyoramizni urushlardan, zo`ravonliklardan, jinoyatlardan holi qilish har bir fuqaroning oldida turgan ham qarz, ham farz bo`lishi shart.
Sharofiddin To`laganov, O`zA